Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
transport vositasining egasi — avtomototransport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
avtomototransport vositalarini vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazish — avtomototransport vositasini vaqtinchalik hisobga qo'yish, ro'yxatdan o'tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma va ro'yxatdan o'tkazish davlat raqami belgilarini berish;
ro'yxatdan o'tkazish davlat raqami belgisi (keyingi o'rinlarda — RO'DRB deb ataladi) — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Avtomototransport vositalari uchun ro'yxatdan o'tkazish davlat raqami belgilarining yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida» 2007 yil 27 iyundagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan avtomototransport vositasiga uni davlat ro'yxatidan o'tkazishni hisobga olish uchun hududiy kodlar va davlat raqamlari belgilarining tiplariga muvofiq beriladigan maxsus raqamli belgi;
yagona oshirilgan to'lov evaziga avtomototransport vositalari uchun RO'DRB — istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasidan iborat bo'lgan, ixtiyoriy tanlovga ko'ra yagona oshirilgan to'lov evaziga beriladigan RO'DRB
avtomototransport vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish — avtomototransport vositasini doimiy hisobga qo'yish, avtomototransport vositasini ro'yxatdan o'tkazish haqidagi guvohnoma va RO'DRBni berish;
ro'yxatga olish joyi — avtomototransport vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi YHXX va uning hududiy boshqarmalarining joylashgan joyi;
avtomototransport vositalarini qayta ro'yxatdan o'tkazish — tegishli huquqiy asoslar mavjud bo'lganda avtomototransport vositasining ro'yxatdan o'tkazish hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish;
avtomototransport vositasini qayta jihozlash — boshqa model va modifikatsiyalar agregat va uzellari, ehtiyot qismlar va butlovchi detallardan foydalangan holda avtomototransport vositasi tarkibiy qismlari elementlari va tuzilishiga o'zgartirishlar kiritish;
ro'yxatdan o'tkazish harakatlari — qonunchilikka muvofiq YHXX va uning hududiy boshqarmalari tomonidan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik ro'yxatdan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish va ularni hisobdan chiqarish, shuningdek avtomototransport vositalarini ro'yxatga olish haqida guvohnoma va RO'DRBni berishdan iborat davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha harakatlar kompleksi;
ro'yxatdan o'tkazish hujjati — uning yo'l harakatida ishtirok etishiga huquq berilganligini tasdiqlovchi avtomototransport vositasini ro'yxatdan o'tkazish haqida guvohnoma, shuningdek avtomototransport vositasining ro'yxatdan o'tkazish kartasi;
transport vositasi — yo'lovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik jo'natmalarining yoki maxsus ishlarni amalga oshirish uchun uskunalarning yo'llarda harakatlanishi yoki tashilishi uchun mo'ljallangan qurilma. Mazkur Nizom maqsadlaridan kelib chiqib, transport vositalari avtotransport vositalari (avtomobillar, elektromobillar), mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) hamda tirkama va yarim tirkamalarga bo'linadi;
«TRADE-IN» — ilgari foydalanishda bo'lgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to'lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish;
distribyutor tashkiloti — O'zbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo'yicha ishlab chiqaruvchi bilan tegishli distribyutorlik kelishuviga ega yuridik shaxs;
yaroqsiz avtomototransport vositasi — transport vositasining asosiy qismlaridan biri, ya'ni dvigatel, shassi (yurish qismi, transmissiya, boshqaruv qismi) va kuzovi mavjud bo'lmagan transport vositalari;
diler tashkiloti — O'zbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo'yicha distribyutor tashkiloti yoki ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxs;
«TRADE-UP» — ilgari foydalanishda bo'lgan avtomototransport vositasini ilgari foydalanishda bo'lgan avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to'lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish.
antikvar» avtomototransport vositalari — ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo'lgan, asl holati (tashqi ko'rinishi), tuzilishi va asosiy agregatlari saqlanib qolgan avtomototransport vositalari;
«Oq yoʻl» platformasi — YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi O'zbekiston hududidagi avtomototransport vositalarini ishlab chiqaruvchi (keyingi o'rinlarda — ishlab chiqaruvchi), distribyutor yoki diler tashkiloti va YHXX o'rtasida ma'lumotlar almashinuvini ta'minlovchi axborot tizimi;
«Hisob-ma'lumotnomalari» moduli — «Oq yoʻl» platformasi orqali berilgan elektron hisob-ma'lumotnomalari to'g'risidagi ma'lumotlar jamlangan axborot tizimi;
elektron hisob-ma'lumotnoma — avtomototransport vositasi qonuniy sotib olinganligini tasdiqlovchi, uni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun asos bo'lib xizmat qiluvchi qat'iy hisobda turuvchi, ishlab chiqaruvchi, distribyutor yoki diler tashkiloti tomonidan beriladigan elektron rasmiy hujjat;
login-parol — elektron hisob-ma'lumotnomani berish uchun «Oq yoʻl» platformasida avtomototransport vositalarini sotish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan va kelgusida ushbu distribyutor yoki diler tashkilotini aniqlashda foydalaniladigan maxsus jumlalar, kod yoki raqamlar kombinatsiyalari.
lex.uz’dagi asl matnAvtomototransport vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish qoidalari (VM qarori №683, 2017)
2-band. 1-bob. Umumiy qoidalar — 2-band
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.