«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

13-modda. Bankning ustav kapitali

(13-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 23 июндаги ЎРҚ-1070-сонли Қонунига асосан учинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 24.06.2025 й., 03/25/1070/0536-сон. Кучга кириш санаси — 2025 йил 25 сентябрь)

Bankning, bundan mikromoliya banki mustasno, ustav kapitalining eng kam miqdori: 2024 yil 1 apreldan e'tiboran uch yuz ellik milliard so'mni; 2025 yil 1 yanvardan e'tiboran besh yuz milliard so'mni tashkil etishi kerak. Mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori ellik milliard so'mni tashkil etishi kerak. Markaziy bank oraliq bank ustav kapitalining eng kam miqdorini ushbu moddaning birinchi qismida belgilanganidan kam miqdorda belgilashga haqli. Bankning ustav kapitali O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasida shakllantiriladi hamda bank muassislari va aktsiyadorlari kiritgan pul mablag'laridan yoki davlatning qimmatli qog'ozlaridan tashkil topadi, bundan quyidagi hollar mustasno: bank aktsiyalarini bankning kreditorlari orasida joylashtirish va bankning kreditorlar oldidagi pul majburiyatlari bo'yicha har qanday huquqlarini (talablarini) hisobga olish yo'li bilan ularning haqini to'lash; qimmatli qog'ozlarni bank aktsiyalariga ayirboshlash; bankning joylashtirilgan bir turdagi aktsiyalarini ushbu bankning boshqa turdagi aktsiyalariga almashtirish. Bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag'lardan, shuningdek majburiyat yuklatilgan boshqa mablag'lardan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi. Tashkil etilayotgan yoki qo'shib yuborish, bo'lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan bank ustav kapitali ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan, bank tashkil etilayotgan yoki qayta tashkil etilayotgan kundagi bank ustav kapitalining eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda bank ustav kapitalining eng kam miqdori bankni davlat ro'yxatidan o'tkazish va litsenziya berish to'g'risidagi ariza beriladigan paytgacha bank muassislari tomonidan shakllantirilgan bo'lishi kerak. Tashkil etilayotgan bankning ustav kapitaliga kiritilgan mablag'lar bankda ochilgan jamg'arma hisobvarag'iga o'tkaziladi, bundan bankni qayta tashkil etish yoki mikromoliya tashkiloti faoliyatini o'zgartirish orqali tashkil etish hollari mustasno. Mikromoliya tashkiloti faoliyatini o'zgartirish orqali tashkil etilayotgan mikromoliya bankining ustav kapitalini to'ldirish uchun mablag'lar mikromoliya tashkilotining hisobvarag'iga kiritiladi. Banklar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlarda o'z ustav kapitali miqdorini mazkur moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan talablarga muvofiqlashtirishi kerak. Ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo'lgan banklar norezidentlarga davlat ulushini to'liq sotish orqali xususiylashtirilganda Markaziy bank boshqaruvi bank ustav kapitalini mazkur moddaning birinchi qismida belgilangan eng kam miqdorga muvofiqlashtirish bo'yicha belgilangandan boshqa muddatlarni o'rnatishga haqli. Tizimli moliyaviy inqiroz holatida bank aktsiyalari davlat qimmatli qog'ozlari hisobidan O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan sotib olinishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.