«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

20-modda. Bankni davlat ro'yxatiga olish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish

(20-модданинг номи Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)

Bankni davlat ro'yxatiga olish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun ariza beruvchi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnoma olinganidan keyin olti oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagilarni taqdim etishi kerak: bankni davlat ro'yxatiga olish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish to'g'risidagi ariza; ushbu Qonun bilan belgilangan eng kam miqdordan kam bo'lmagan summada bankning ustav kapitali shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek muassislarning (aktsiyadorlarning) ro'yxati; bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari to'g'risida ularning ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiqligini baholashdan o'tkazish uchun zarur bo'lgan axborot; tashkil etilayotgan bank joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasining bank binolari, ularning muhofaza qilinishi ta'minlanganligi, uskunalar, ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy ta'minotining Markaziy bank talablariga muvofiqligi to'g'risidagi xulosasi; nogironligi bo'lgan shaxslar uchun bank binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo'yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasining xulosasi; agar ariza bir vaqtning o'zida bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berish uchun taqdim etilsa, ushbu Qonun 20¹-moddasi birinchi qismining yettinchi va to'qqizinchi xatboshilarida ko'rsatilgan hujjatlar; ushbu Qonunning 16 va 17-moddalarida sanab o'tilgan barcha hujjatlarning elektron shakldagi ko'chirma nusxalari. Basharti bankning faoliyati xavfsiz tarzda amalga oshirilishi ta'minlansa hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek bank tizimi lozim darajada ishlashini kafolatlovchi korporativ boshqaruv talablariga rioya etilsa, Markaziy bank bankni davlat ro'yxatiga olish hamda bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish to'g'risida qaror qabul qiladi. Bankni davlat ro'yxatiga olish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish haqidagi qaror ariza barcha zarur hujjatlar bilan olingan kundan e'tiboran bir oydan oshmagan muddatda qabul qilinadi. Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran uch ish kuni ichida ariza beruvchini qabul qilingan qaror haqida yozma shaklda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda xabardor qiladi. Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilganligi uchun qonunda belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi. Bankning davlat ro'yxatiga olinganligi va unga bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilganligi to'g'risidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaning (litsenziyalarning) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlangan taqdirda bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) Markaziy bank tomonidan chaqirib olinadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.