Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
ariza beruvchi — muassis (muassislar) tomonidan bank tashkil etish bo'yicha uning (ularning) manfaatlarini O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ifodalash uchun vakil qilingan shaxs yoki ushbu Qonunga muvofiq o'z faoliyatini o'zgartirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat etgan bank yoxud mikromoliya tashkiloti;
bank — bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, to'lovlarni amalga oshirish, omonatlarga (depozitlarga) pul mablag'larini jalb etish, o'z nomidan kreditlar (qarzlar) berish bo'yicha bank faoliyati sifatida aniqlangan operatsiyalar majmuini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti bo'lgan yuridik shaxs. Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, ushbu Qonunning banklarga nisbatan belgilangan qoidalari islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
banklar guruhi — moliya institutlarining yuridik shaxs bo'lmagan birlashmasi bo'lib, bunda asosiy bank boshqa moliya institutlarini nazorat qiladi;
bank hisobvarag'i — bank tomonidan shartnomaga muvofiq mijozga ochilgan hisobvaraq bo'lib, unga ko'ra bank mijozning hisobvarag'iga tushayotgan pul mablag'larini qabul qilish va hisobga kiritish, mijozning hisobvarag'idan tegishli pul mablag'larini o'tkazish hamda berish va hisobvaraq bo'yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi topshiriqlarini bajarish majburiyatini zimmasiga oladi;
bankning barqaror moliyaviy holati — bankning moliyaviy oqimlar mutanosibligini, to'lov qobiliyatini, likvidliligi va rentabelli faoliyatini saqlab turish uchun mablag'larning yetarliligini, shuningdek barcha prudentsial normativlar bank tomonidan bajarilishini ifodalovchi holati;
bilvosita egalik qiluvchi (oluvchi) — bankning aktsiyalariga o'zi nazorat qiladigan boshqa shaxs orqali egalik qiluvchi (aktsiyalarni oluvchi) shaxs;
islomiy bank faoliyati — banklar va bank faoliyati to'g'risidagi qonunchilikka hamda islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan bank faoliyati;
islomiy moliya standartlari — islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga hamda milliy qonunchilikka muvofiq Markaziy bank va (yoki) boshqa vakolatli organ tomonidan qabul qilingan islomiy moliyaga oid qoidalar to'plami;
mikromoliya banki — ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarni inobatga olgan holda o'z faoliyatini amalga oshiruvchi bank. Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, ushbu Qonunning banklarga nisbatan belgilangan qoidalari mikromoliya banklariga va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banklariga nisbatan ham tatbiq etiladi;
muhim ahamiyatga ega xodimlar — bankning boshqaruv a'zolari bo'lmagan, lavozimi bank faoliyatiga muhim ta'sir ko'rsatish imkoniyatini beradigan xodimlari;
mo'ljallangan olish — potentsial oluvchi tomonidan bank aktsiyalarini olish yoki ularga hal qiluvchi egalik qilishni ko'paytirish yuzasidan qabul qilingan qaror;
oxirgi benefitsiar mulkdor — yuridik shaxs bo'lgan, bank aktsiyalarining potentsial oluvchisiga yoki bu aktsiyalarga bevosita yoxud bilvosita egalik qiluvchiga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
prudentsial nazorat — bank faoliyatining o'ziga xos tavakkalchiliklarining oldini olish va kamaytirish maqsadida banklar faoliyati ustidan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki amalga oshiradigan nazorat;
regulyativ kapital — bank faoliyatini tartibga solish va prudentsial normativlar hisob-kitobini amalga oshirish maqsadida hisob-kitob qilish yo'li bilan aniqlanadigan bank kapitali;
tizimli ahamiyatga molik bank — bank tizimining barqarorligi qaysi bankning faoliyatiga bog'liq bo'lsa, o'sha bank;
chet el banki — chet davlatning hududida ro'yxatga olingan, uning qonunchilikka muvofiq bank deb hisoblanadigan yuridik shaxs;
hal qiluvchi egalik — shaxs tomonidan yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar tomonidan yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) bir yoxud bir necha bitim natijasida olingan kamida besh foiziga bevosita yoki bilvosita egalik qilish.
lex.uz’dagi asl matn«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun
3-modda. Asosiy tushunchalar
(3-модданинг учинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.