«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

7-modda. Banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat

(7-модда учинчи қисмининг тўртинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)

Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo, sug'urta faoliyati hamda banklar va bank faoliyati to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog'liq bo'lmagan boshqa faoliyat bilan shug'ullanishga haqli emas. Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan cheklov quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi: bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimlarida foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan uskunani va unga doir dasturiy ta'minotni sotish yoki ijaraga berishga; o'z aktivlarini sotishga; chek daftarchalarini chiqarish, realizatsiya qilish va tarqatishga; sug'urta tashkilotlari bo'lgan O'zbekiston Respublikasi rezidentlari nomidan sug'urta shartnomasi tuzilishini tashkil etish bo'yicha faoliyatni amalga oshirishga; bank o'zi muassis bo'lgan yuridik shaxslarga o'z mol-mulkini mulkiy ijara (arenda) shartnomasiga muvofiq ijaraga berishga. Mikromoliya banklari ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan cheklovlardan tashqari quyidagilarni inobatga olgan holda o'z faoliyatini amalga oshiradi: bir jismoniy shaxsdan omonatga jalb qilingan pul mablag'lari miqdori banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmasligini; bir qarz oluvchi yoki o'zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng ko'p miqdori besh milliard so'mdan oshmasligini; tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va o'zini o'zi band qilgan shaxslarning daromad olishga yo'naltirilgan faoliyati uchun berilgan kreditlarning kredit portfelidagi va (yoki) ko'rsatilgan islomiy moliya operatsiyalarining moliyalashtirish portfelidagi ulushi yetmish foizidan kam bo'lmasligini; chet el banklarida vakillik hisobvaraqlari va boshqa hisobvaraqlar ochish, chet el fuqarolarining va yuridik shaxslarining majburiyatlari bo'yicha kafolatlar berish hamda mijozlarning tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha xizmatlar ko'rsatish taqiqlanganligini; qarz qimmatli qog'ozlariga investitsiyalar banklarning likvidliligini boshqarishga doir talablar doirasida faqat Markaziy bank tomonidan belgilangan yuqori likvidli qarz qimmatli qog'ozlariga qilinishini. Banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarni yoki aktsiyalarni olish taqiqlanadi, bundan quyidagilar mustasno: kredit, sug'urta, faktoring va lizing operatsiyalarini professional asosda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar; moliya bozori infratuzilmasining bir qismi bo'lgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlarini ko'rsatuvchi yuridik shaxslar; qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar; bankning kafolati ostida qimmatli qog'ozlarni chiqarish va joylashtirish maqsadida mazkur bankning xorijda tashkil etiladigan shu'ba tashkilotlari; faqat inkassatsiya faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslar; bank operatsiyalari bo'yicha hisob-kitoblar, shu jumladan bank kartalari bilan operatsiyalarga doir hisob-kitoblar ishtirokchilari o'rtasida o'zaro bog'liqligini ta'minlash bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxslar; fond va valyuta birjalari; kredit byurolari; qimmatli qog'ozlarning ikkilamchi bozoriga joylashtirilgan aktsiyalarning yigirma foizidan ortiq bo'lmagan miqdorda fond birjasi listingiga kiritilgan aktsiyadorlik jamiyatlari. Ushbu moddaning to'rtinchi qismiga muvofiq bank tomonidan bir yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aktsiyalarini olish bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining o'n besh foizidan oshmasligi kerak. Ushbu cheklov bank tomonidan mazkur yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aktsiyalariga egalik qilishga, shu jumladan mazkur yuridik shaxslarning tashkil etilishi hollariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aktsiyalarini sotib olish yig'indisi bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak. Agar bank tomonidan yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aktsiyalariga egalik qilish ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida ko'rsatilgan miqdordan ortiq bo'lsa, ushbu ortgan qismni bank bir yil ichida sotishi shart. Bankka ushbu bank ustav kapitalining bir yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish taqiqlanadi. Ushbu moddaning talablari banklar tomonidan boshqa bankning aktsiyalarini yoki o'zga bank saqlovchisi bo'lgan boshqa qimmatli qog'ozlarni yoxud o'zga bankka tegishli yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni yoki aktsiyalarni ular tomonidan qo'shib yuborish yoki qo'shib olish shaklida qayta tashkil etish amalga oshirilayotganda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismidagi bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga oid hamda to'rtinchi qismidagi yuridik shaxslarni tashkil etishga va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarni yoki aktsiyalarni olishga oid cheklovlar, agar bunday faoliyat va operatsiyalar islomiy moliya operatsiyalari sifatida amalga oshirilsa, islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.