«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

77-modda. Litsenziyani chaqirib olish

(77-модда биринчи қисмининг иккинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)

Markaziy bank quyidagi hollarda litsenziyani chaqirib olishga haqli: agar bank litsenziyani olganidan keyin o'n ikki oy ichida bank faoliyatini va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirishni boshlamagan, bu faoliyatdan to'g'ridan-to'g'ri voz kechgan yoki moliyaviy operatsiyalarni, shu jumladan islomiy moliya operatsiyalarini uch oydan ortiqroq muddat davomida amalga oshirmagan bo'lsa; litsenziya berish shartlari bank tomonidan bajarilmaganda; ushbu Qonunning 54-moddasida ko'rsatilgan qo'pol qoidabuzarliklardan biri bank tomonidan sodir etilganda; agar bank ketma-ket keluvchi uch chorakning har birida bank regulyativ kapitalining o'n foizidan ortiq yoki muddatidan qat'i nazar, regulyativ kapitalning ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko'rgan bo'lsa yoki zarar ko'rish ehtimoli mavjud bo'lsa; qayta tashkil etish natijasida bankning faoliyati tugatilganda; aktsiyadorlarning umumiy yig'ilishida bankni ixtiyoriy ravishda tugatish to'g'risida qaror qabul qilinganda; O'zbekiston Respublikasida bank tashkil etgan chet davlat bankidan litsenziya chaqirib olinganda; Markaziy bank tomonidan mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga o'zgartirishga rozilik berish to'g'risida qaror qabul qilinganda; bank to'lovga qobiliyatsiz bo'lib qolganda. Bankning to'lovga qobiliyatsizligi deganda quyidagi hollar tushuniladi: bankning o'z mijozlari talablarini mablag'lar yetarli emasligi sababli yetti kun ichida qanoatlantirishga qodir emasligi; bank majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketganligi; bank kapitali monandligi koeffitsiyentlarining va (yoki) ustav kapitali miqdorining qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik foizga va undan ko'p foizga kamayganligi; bankning moliyaviy holati to'g'risidagi ma'lumotlarning hisobotlarda to'g'ri aks ettirilishi ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi xatboshilarida ko'rsatilgan asoslarning yuzaga kelishiga olib keladigan hollar Markaziy bank tomonidan aniqlanganligi; omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan pul mablag'larining but saqlanishiga xavf soluvchi holatlarning mavjudligi. Bank boshqaruvi bankning to'lovga layoqatsizlik holati yuzaga kelgan yoki mijozlar tomonidan talab etilgan da'volarni qanoatlantira olmaslikka oid tavakkalchilik mavjud bo'lgan hollarda darhol Markaziy bankka xabar berishi kerak. Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaga (litsenziyalarga) ega bo'lgan bankdan: islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinsa, bank o'z faoliyatini bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida davom ettiradi; bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning chaqirib olinishi bankning islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasining ham chaqirib olinishiga olib keladi, bundan bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o'zgartirish natijasida Markaziy bank tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning chaqirib olinishi holati mustasno. Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to'g'risidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran kuchga kiradi. Markaziy bank boshqaruvining qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni bank rahbariyatiga imzo qo'ydirib topshiriladi. Bankning litsenziyasi chaqirib olinganligi to'g'risidagi axborot mazkur qaror qabul qilingan kundan e'tiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinishi lozim. Bankka Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to'g'risidagi qarori qabul qilingan paytdan e'tiboran ushbu Qonunga muvofiq banklar uchun ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi, bundan bankning tugatilishi bilan bog'liq harakatlar mustasno.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.