Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o'tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o'tishi kerak.
Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga jo'natilishi mumkin emas.
Xalqaro pochta jo'natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kuryerlik jo'natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi.
Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki jo'natuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko'rsatish zonasida turgan bo'lsa, o'sha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta jo'natmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi.
Ushbu moddaning to'rtinchi qismida ko'rsatilgan joylardan yuboriladigan xalqaro kuryerlik jo'natmalari qabul qiluvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko'rsatish zonasida turgan bo'lsa, o'sha bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkazib beriladi.
lex.uz’dagi asl matn166-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarining bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.