Chet el fuqarolarining O'zbekistonda bo'lish qoidalari (VM qarori №408, 1996)

2-band. I. umumiy qoidalar — 2-band

Chet el fuqarolariga O'zbekiston Respublikasiga kirish vizalari, shu jumladan tranzit kirish vizalari: a) O'zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalari tomonidan, bunday konsullik muassasalari mavjud bo'lmagan taqdirda esa — O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama bitimi mavjud bo'lgan boshqa davlatlarning konsullik muassasalari tomonidan beriladi. Bosh konsulliklar, konsulliklar, vitse-konsulliklar, konsullik agentliklari va elchixonalarning konsullik bo'limlari O'zbekiston Respublikasining chet ellardagi konsullik muassasalari hisoblanadi; b) xalqaro aeroport maqomiga ega bo'lgan O'zbekiston aeroportlaridagi O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bo'linmalari tomonidan beriladi. Aeroportlarda Tashqi ishlar vazirligining konsullik muassasalari va bo'linmalari tomonidan O'zbekiston Respublikasiga kirish vizalari chet el fuqarolarining barcha toifalariga beriladi. Kirish vizalari, qoidaga ko'ra, bir yildan ortiq bo'lmagan muddatga beriladi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ma'lum toifadagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga kirish vizalari uch yildan ortiq bo'lmagan muddatga beriladi. Investitsiya kiritish vaqtida O'zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 8 500 baravaridan kam bo'lmagan miqdorda xo'jalik jamiyatlarining aktsiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxona tashkil etish shaklida O'zbekiston Respublikasiga investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga ko'p martalik uch yillik investitsiya vizasi (investitsiya vizasi) beriladi va uning amal qilish muddati O'zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytiriladi. Axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o'rinlarda — IT-park) rezidentlarining ta'sischilari (ishtirokchilari)ga, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o'rinbosarlariga, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo'lgan startap loyihalar ta'sischilari (ishtirokchilari)ga va mutaxassislariga, oliy ta'lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo'lgan xorijlik professor-o'qituvchilariga O'zbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan uning muddatini uzaytirish imkoniyati bilan beriladigan, amal qilish muddati uch yilgacha bo'lgan ko'p martalik «IT-visa» (keyingi o'rinlarda — «IT-visa») beriladi; Bunda, investitsiya vizasi va «IT-visa» egalarining oila a'zolari (turmush o'rtog'i, ota-onasi va farzandlari)ga ularning vizalari amal qilish muddatiga mos ravishda mehmon vizasi respublikadan chiqmasdan turib uzaytirish huquqi bilan rasmiylashtiriladi. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi bo'linmalarida yoki xalqaro maqomga ega bo'lgan O'zbekiston Respublikasi aeroportlaridagi bo'linmalarida vizalarni rasmiylashtirish uchun taklif etuvchi tashkilotning arizasiga ko'ra beriladigan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ruxsatnomasi asos bo'ladi. «Faxriy fuqaro» maqomi berilgan chel el fuqarolari, shuningdek, ularning oila a'zolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar) davlat boji to'lamasdan uch yil muddatgacha ko'p marta foydalaniladigan vizalarni olish huquqiga ega.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.