«O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida»gi qonun

3-modda. Asosiy tushunchalar

(3-модда Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 14 июндаги ЎРҚ-696-сонли Қонунига асосан олтинчи хатбоши билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 15.06.2021 й., 03/21/696/0553-сон)

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: ariza beruvchi — O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari bo'yicha davlat organiga murojaat qilgan voyaga yetgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki chet davlat fuqarosi yoxud voyaga yetgan fuqaroligi bo'lmagan shaxs; bola — o'n sakkiz yoshga to'lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo'lgan shaxs; vatandosh — O'zbekiston Respublikasi hududida tug'ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O'zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo'lmagan, O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo'yicha to'g'ri tutashgan o'zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo'yicha to'g'ri tutashgan o'zidan oldingi qarindoshlari O'zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bo'lsa hamda O'zbekiston Respublikasining fuqarolari bo'lsa; yolg'iz ota yoki ona — bolani tarbiyalayotgan ota (ona), basharti bolaning tug'ilganligi to'g'risidagi rasmiy hujjatlarda ota-onasidan biri haqidagi ma'lumotlar mavjud bo'lmasa yoxud bunday ma'lumotlar tarbiyalayotgan otaning (onaning) so'zlariga asosan kiritilgan bo'lsa; identifikatsiyalovchi ID-kartasi (bundan buyon matnda identifikatsiyalovchi karta deb yuritiladi) — O'zbekiston Respublikasi hududida identifikatsiyalovchi karta egasining shaxsini va fuqaroligini, shuningdek doimiy ro'yxatga olinganligini tasdiqlaydigan, egasining shaxsiga doir biografik va biometrik ma'lumotlar kiritilgan elektron jismga (chipga) ega bo'lgan, O'zbekiston Respublikasi fuqarosiga yoki chet davlat fuqarosiga yoxud fuqaroligi bo'lmagan shaxsga beriladigan hujjat; tirikchilikning qonuniy manbai — ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar, tadbirkorlik faoliyatidan yoki mulkdan olingan foyda, pensiya, stipendiya, alimentlar, ijtimoiy nafaqalar, moliyaviy jamg'armalar yoki oila a'zolari va boshqa shaxslarning moliyaviy yordami, shuningdek boshqa qonuniy daromadlar; fuqaroligi bo'lmagan shaxs — O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, O'zbekiston Respublikasining fuqarosi bo'lmagan va o'zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo'lmagan shaxs; fuqarolikning o'zgarishi — O'zbekiston Respublikasining fuqaroligini olish yoki tugatish; chet davlat fuqarosi — O'zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo'lmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va o'zining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo'lgan shaxs; O'zbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashovchi fuqarosi — O'zbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan ro'yxatdan chiqqan hamda xorijga doimiy yashashga chiqib ketish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi; yashash — shaxsning O'zbekiston Respublikasi hududida yoki uning tashqarisida qonuniy asosda turishi; yashash guvohnomasi — fuqaroligi bo'lmagan shaxsning yoki chet davlat fuqarosining shaxsini tasdiqlaydigan, O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashga ruxsat etilganligining tasdig'i sifatida berilgan hujjat.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.