Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza yozma shaklda beriladi va hal qiluv qarori yuzasidan nizolashayotgan hakamlik muhokamasi tarafi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizada quyidagilar ko'rsatilgan bo'lishi kerak:
1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;
2) nizolashilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, joylashgan yeri;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) mazkur hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risida ariza bilan murojaat etgan taraf hakamlik sudining nizolashilayotgan hal qiluv qarorini olgan sana;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi talab va mazkur qaror qanday asoslar bo'yicha nizolashilayotganligi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron manzil va boshqa ma'lumotlar ko'rsatilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan ko'chirma nusxasi. Doimiy faoliyat ko'rsatuvchi hakamlik sudi hal qiluv qarorining ko'chirma nusxasi ushbu hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining ko'chirma nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan bo'lishi kerak;
2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan ko'chirma nusxasi;
3) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko'chirma nusxalari hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafining vakili tomonidan berilgan bo'lsa, arizaga vakilning arizani imzolashga bo'lgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Ushbu Kodeks 223-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizani qabul qilish ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha rad etilishi kerak.
Ushbu Kodeks 37-moddasining uchinchi qismida, mazkur moddaning birinchi, ikkinchi, to'rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha arizachiga qaytariladi.
Huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaga ushbu modda to'rtinchi qismining 2 va 3-bandlarida ko'rsatilgan hujjatlarni ilova qilmagan taqdirda, mazkur hujjatlar sud tomonidan ularni saqlayotgan shaxsdan talab qilib olinadi.
lex.uz’dagi asl matn224-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaning shakli va mazmuni
(224-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-1141-сонли Қонунига асосан саккизинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.04.2026 й., 03/26/1141/0403-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 24 июль)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.