Kassatsiya shikoyati (protesti) sudya tomonidan quyidagi hollarda qaytariladi, agar:
1) kassatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan bo'lsa yoxud uni imzolash huquqiga ega bo'lmagan shaxs tomonidan yoki mansab mavqei yoki familiyasi, ismi va otasining ismi ko'rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo'lsa;
2) kassatsiya shikoyatining (protestining) shakliga va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 286-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ushbu Kodeks 288-moddasining uchinchi qismida ko'rsatilgan hujjatlar yoxud prokuror ishtirokisiz ko'rilgan ish bo'yicha protestga ushbu Kodeks 282-moddasining birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar murojaatining ko'chirma nusxasi ilova qilinmagan bo'lsa, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo'lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to'g'risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko'rilgan ishlar mustasno;
3) kassatsiya shikoyatiga (protestiga) uning ko'chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligiga doir dalillar ilova qilinmagan bo'lsa;
4) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlar kassatsiya shikoyatiga ilova qilinmagan bo'lsa, qonunda davlat bojini to'lash muddatini kechiktirish, bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma mavjud bo'lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo'lsa;
5) kassatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat o'tganidan keyin berilgan bo'lsa va o'tkazib yuborilgan muddatni tiklash to'g'risida iltimosnoma mavjud bo'lmasa;
6) kassatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilinganligi to'g'risida sud ajrimi chiqarilguniga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) to'g'risida ariza tushgan bo'lsa;
7) kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab o'tgan holda yuborilgan bo'lsa.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to'g'risidagi ajrimda kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslari ko'rsatiladi, kassatsiya shikoyatini berishda to'langan davlat bojini qaytarish to'g'risidagi masala hal etiladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to'g'risidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to'g'risidagi ajrimning ko'chirma nusxasi shikoyatni (protestni) bergan shaxsga shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga yuboriladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to'g'risidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, kassatsiya shikoyati (protesti) dastlab sudga murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn292-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish
(292-модда биринчи қисмининг 2-банди Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 30 сентябрдаги ЎРҚ-968-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 30.09.2024 й., 03/24/968/0760-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.