Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
litsenziat — faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki uning kichik turini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo'lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziya — jismoniy yoki yuridik shaxsga beriladigan, litsenziya talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki uning kichik turini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
litsenziyalash — litsenziya berish to'g'risidagi arizani topshirish, qabul qilish va ko'rib chiqish, litsenziyani berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to'xtatib turish, qayta tiklash hamda tugatish, shuningdek litsenziyani bekor qilish, qayta rasmiylashtirish va chaqirib olish jarayoni bilan bog'liq tadbirlar majmui;
faoliyatning litsenziyalanadigan turi — O'zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan, qonun bilan belgilanadigan faoliyat turi;
litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlari — faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirish chog'ida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi shart bo'lgan, qonunchilikda belgilangan talablar hamda shartlar majmui;
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar (bundan buyon matnda vakolatli organlar deb yuritiladi) — faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishni amalga oshiradigan, shuningdek maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiladigan maxsus vakolatli organlar va tashkilotlar;
litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari — vakolatli organlarning tegishincha berilgan, uzaytirilgan, to'xtatib turilgan, qayta tiklangan, tugatilgan, bekor qilingan, qayta rasmiylashtirilgan va chaqirib olingan litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar to'g'risidagi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vakolatli organlarga yuborilgan xabarnomalar haqidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan ma'lumotlar bazalari;
litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turi — faoliyatning litsenziyalanadigan turi tarkibiga kiritiladigan faoliyat turining yo'nalishi;
davlat xizmatlari pasporti (bundan buyon matnda pasport deb yuritiladi) — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o'tish jarayoni bilan bog'liq bo'lgan o'ziga xos talablar va shartlarni, shuningdek ma'lumotlarni o'z ichiga olgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi hujjat;
ruxsat berish tartib-taomili — ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to'g'risidagi arizani topshirish, qabul qilish va ko'rib chiqish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to'xtatib turish, qayta tiklash hamda tugatish, shuningdek uni bekor qilish, qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bog'liq tadbirlar majmui;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat — vakolatli organ tomonidan ruxsatnoma, kelishuv, xulosa shaklida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda beriladigan, ruxsat berish talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda muayyan faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish huquqini beradigan hujjat;
talabgor — litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
xabarnoma — xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishni boshlash (tugatish) uchun xabardor qiluvchi tomonidan vakolatli organga yuboriladigan ma'lumotlar;
xabardor qiluvchi — vakolatli organga xabarnoma yuborgan va xabarnomalar reyestriga kiritilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
xabardor qilish tartib-taomili — xabarnoma yuborish, xabarnomani qabul qilish (qabul qilmaslik), xabarnoma qabul qilinganligini tasdiqlash, shuningdek xabardor qiluvchining faoliyatini (harakatlarini) to'xtatib turish, qayta tiklash, tugatish va xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishga taqiq joriy etish jarayoni bilan bog'liq tadbirlar majmui;
«yagona darcha» printsipi — xizmatlar ko'rsatish tartibi bo'lib, bunda talabgorga tegishincha litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish uchun vakolatli organga boshqa davlat organlari yoki tashkilotlar tomonidan beriladigan turli boshqa hujjatlarni olish talab qilinadigan hollarda mazkur vakolatli organ ko'rsatilgan hujjatlarni talabgorning ishtirokisiz mustaqil ravishda so'raydi va oladi.
lex.uz’dagi asl matn«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida»gi qonun
3-modda. Asosiy tushunchalar
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.