«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

16-modda. Jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shiladigan hissalar

Pul, qimmatli qog'ozlar, o'zga ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoxud pul bahosiga ega bo'lgan, boshqa shaxsga o'tkaziladigan o'zga huquqlar jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shiladigan hissalar bo'lishi mumkin. Jamiyatning ishtirokchilari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslar tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shiladigan pulsiz hissalarning pulda ifodalangan bahosi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qarori bilan tasdiqlanadi. Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkning muddat o'tguniga qadar ushbu mol-mulkdan foydalanish huquqi tugatilgan taqdirda, jamiyatning mol-mulkni bergan ishtirokchisi jamiyatning talabiga binoan jamiyatga shunday mol-mulkdan qolgan muddat mobaynida, shunga o'xshash sharoitlarda foydalanganlik uchun to'lanadigan haqiga teng pul tovoni to'lashi shart. Pul tovoni jamiyat tomonidan uni berish talabnomasi taqdim etilganidan e'tiboran, agar jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qarori bilan tovon to'lashning boshqacha tartibi belgilanmagan bo'lsa, bir oy ichida bir yo'la to'lanishi kerak. Bunday qaror jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida mol-mulkdan foydalanish huquqini bergan va bu huquq muddatidan ilgari tugatilgan jamiyat ishtirokchisining ovozi hisobga olinmagan holda, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi tomonidan qabul qilinadi. Ta'sis hujjatlarida jamiyat ishtirokchisi tomonidan ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkdan foydalanish huquqi muddatidan ilgari tugatilganligi uchun jamiyat ishtirokchisi tomonidan tovon to'lashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo'lishi mumkin. Jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa tariqasida foydalanish uchun berilgan mol-mulk, agar ta'sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, u qancha muddatga berilgan bo'lsa, shuncha muddat davomida jamiyat foydalanishida qolaveradi. Jamiyat ishtirokchilarining ulushlari bilan bog'liq nizolar sud tomonidan ko'rib chiqilayotganda jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) o'zgartirishlar kiritish sud tartibida cheklanishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.