«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

64-modda. Jamiyatni ajratib chiqarish

Qayta tashkil etilayotgan jamiyatni tugatmasdan, uning huquqlari va majburiyatlarining bir qismini o'tkazgan holda bir yoki bir necha jamiyatni tashkil etish jamiyatni ajratib chiqarish deb e'tirof etiladi. Ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi bunday qayta tashkil etish, ajratib chiqarish tartibi va shartlari, yangi jamiyatni (yangi jamiyatlarni) tashkil etish va bo'lish balansini tasdiqlash to'g'risida qaror qabul qiladi, ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyatning ta'sis hujjatlariga jamiyat ishtirokchilari tarkibining o'zgarishi, ularning ulushlari miqdorlari aniqlanishi bilan bog'liq bo'lgan o'zgartirishlarni va ajratib chiqarish to'g'risidagi qarorda nazarda tutilgan boshqa o'zgartirishlarni kiritadi, shuningdek zarur bo'lgan taqdirda o'zga masalalarni, shu jumladan jamiyatning organlarini saylash to'g'risidagi masalalarni hal etadi. Ajratib chiqarilayotgan jamiyatning ishtirokchilari ta'sis shartnomasini imzolaydi. Ajratib chiqarilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi jamiyat ustavini tasdiqlaydi va jamiyatning organlarini saylaydi. Agar ajratib chiqarilayotgan jamiyatning yagona ishtirokchisi qayta tashkil etilayotgan jamiyat bo'lsa, uning umumiy yig'ilishi jamiyatni ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish to'g'risida, ajratib chiqarish tartibi va shartlari to'g'risida qaror qabul qiladi, shuningdek ajratib chiqarilayotgan jamiyatning ustavini va bo'lish balansini tasdiqlaydi, ajratib chiqarilayotgan jamiyatning organlarini saylaydi. Jamiyatdan bir yoki bir necha jamiyat ajratib chiqarilganda qayta tashkil etilgan jamiyat huquqlari va majburiyatlarining bir qismi bo'lish balansiga muvofiq ularning har biriga o'tadi. Agar bo'lish balansi qayta tashkil etilgan jamiyatning huquqiy vorisini aniqlash imkoniyatini bermasa, qayta tashkil etish natijasida tashkil topgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan jamiyatning majburiyatlari yuzasidan uning kreditorlari oldida solidar javobgar bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.