«Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida»gi qonun

46-modda. Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan qayta ko'rib chiqish

(46-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 10 апрелдаги ЎРҚ-1054-сонли Қонунига асосан тўртинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 10.04.2025 й., 03/25/1054/0329-сон)

Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o'zgartishlar va (yoki) qo'shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo'lsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to'laligicha qamrab olingan yoki amalda o'z huquqiy ahamiyatini yo'qotgan bo'lsa, lekin rasman o'z kuchini yo'qotgan deb topilmagan bo'lsa, o'z kuchini yo'qotgan deb topilishi lozim. Teng yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o'zgartishlar va (yoki) qo'shimchalar, o'z kuchini yo'qotgan deb topilayotgan teng yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining ro'yxati normativ-huquqiy hujjatning o'zida ko'rsatilishi kerak. Normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan o'zgartishlar, qo'shimchalar kiritilishi yoki o'z kuchini yo'qotgan deb topilishi lozim bo'lgan, teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining soni ancha ko'p bo'lgan taqdirda, mazkur o'zgartish va qo'shimchalar, shuningdek o'z kuchini yo'qotgan deb topilishi lozim bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro'yxati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi. Bunday hujjat loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadi va normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etiladi. Normativ-huquqiy hujjatni o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganda uning asosida hamda uni ijro etish uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o'tkaziladi va ularni ham o'z kuchini yo'qotgan deb topish haqidagi masala ko'rib chiqiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.