«Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonun

31-modda. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza

(31-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 17 декабрдаги ЎРҚ-1102-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.12.2025 й., 03/25/1102/1173-сон)

Fuqaroni nogironligi bo'lgan shaxs yoki o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan bolani nogironligi bo'lgan bola deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironligi belgilari aniq ko'rinib turgan shaxslarni klinik-funktsional ma'lumotlarni olishga doir qo'shimcha tekshiruvlarni o'tkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli. Agar shaxs sog'lig'ining holatiga ko'ra tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo'lmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza shaxsning xohishiga ko'ra uning uyida yoki shaxs davolanishda bo'lgan statsionarda o'tkaziladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining majlislarida mahalliy mehnat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, kasaba uyushmalarining, sug'urta tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishi mumkin. Tekshiruvdan o'tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e'tiboran yigirma kalendar kundan kechiktirmay tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan o'tkaziladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o'tish uchun yuborilgan shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan tekshiruvdan o'tkazish kuni to'g'risida tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e'tiboran ikki ish kuni ichida xabardor qilinadi. Nogironlik aniqlangan taqdirda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab fuqaro nogironligi bo'lgan shaxs deb e'tirof etiladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijalari bo'yicha nogironligi bo'lgan shaxs deb topilgan fuqaroga — nogironlik guruhi, uning belgilanish sababi va muddatlari, o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan bolalarga esa qayta tekshiruvdan o'tish muddati bilan — «Nogironligi bo'lgan bolalar» toifasi belgilanadi. Qayta tekshiruvdan o'tkazish muddati ko'rsatilmaydigan nogironlik inson a'zolari funktsiyalarining hamda organizmi tizimlarining barqaror, asliga qaytarib bo'lmas tarzdagi morfologik o'zgarishlari va buzilishlari mavjud bo'lgan, amalga oshirilgan reabilitatsiya tadbirlarining samarasizligi oqibatida kasallikning kechishi va sog'liqning tiklanishini, ijtimoiy moslashuvni yaxshilash mumkin bo'lmagan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar ro'yxatiga muvofiq belgilanadi. Ko'rsatilgan muddatlardan oldin qayta tekshiruvdan o'tkazish sog'liqning holati va hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi o'zgarganda yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari asoslanmagan qaror qabul qilganligi faktlari aniqlanganda yoxud yuqori turuvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nazorat vazifasi bajarilganda amalga oshiriladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari zarur uskunalar bilan jihozlangan davlat tibbiyot muassasalariga bepul tekshiruvlar o'tkazish uchun biriktirib qo'yiladi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlari nogironlikning yuzaga kelishiga ta'sir etuvchi omillar hamda shart-sharoitlarni o'rganish maqsadida nogironlikka olib keluvchi kasalliklar yuzaga kelishining ishlab chiqarish, ijtimoiy, ekologik va boshqa sabablarini tahlil qilishni o'z vakolatlari doirasida amalga oshiradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironligi bo'lgan shaxslarning ma'lumotlar bazasini shakllantirish, nogironlikni hisobga olish va nogironlik tuzilmasini tahlil qilish maqsadida nogironligi bo'lgan shaxslarning (bolalarning) ko'rik ishlarini elektron shaklda yuritadi. Nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.