«Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida»gi qonun

3-modda. Asosiy tushunchalar

(3-модданинг қирқинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 12 февралдаги ЎРҚ-1028-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 13.02.2025 й., 03/25/1028/0138-сон)

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: aktsiya — o'z egasining aktsiyadorlik jamiyati foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga, aktsiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishga va u tugatilganidan keyin qoladigan mol-mulkning bir qismiga bo'lgan huquqini tasdiqlovchi, amal qilish muddati belgilanmagan, egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog'oz; axborotni oshkor qilish — qimmatli qog'ozlar bozorida manfaatdor shaxslarning axborotni qaysi maqsadda olishidan qat'i nazar, mazkur axborotdan uning topilishi va olinishini kafolatlaydigan shakllarda foydalanishini ta'minlash; birja obligatsiyasi — chiqarilishi fond birjasi tomonidan ro'yxatga olinadigan va fond birjasining kotirovkalash varag'iga kiritilgan, aktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan qarz emissiyaviy qimmatli qog'oz; veksel — veksel beruvchining yoxud vekselda ko'rsatilgan boshqa to'lovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani to'lashga doir qat'iy majburiyatini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog'oz; davlat qimmatli qog'ozlari — O'zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat g'aznachilik obligatsiyalari, xalqaro obligatsiyalar, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari; depo hisobvarag'i — deponentning qimmatli qog'ozlarini saqlash va qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish uchun mo'ljallangan, investitsiya vositachisining va Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining hisobga olish registrlaridagi yozuvlar yig'indisi; depo hisobvarag'idan ko'chirma — deponentning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini tasdiqlaydigan, investitsiya vositachisi va (yoki) Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi tomonidan beriladigan hujjat; depozitar operatsiyalar — hisobga olish registrlarida depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq bajariladigan operatsiyalar; depozitar tilxatlar — nominal qiymatga ega bo'lmagan qimmatli qog'oz bo'lib, u taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlarning muayyan soniga bo'lgan mulk huquqini tasdiqlaydi va uning egasining ushbu qimmatli qog'oz emitentidan depozitar tilxat o'rniga taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlarning tegishli sonini olishini hamda taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlar bilan mustahkamlangan huquqlarning depozitar tilxat egasi tomonidan amalga oshirilishi bilan bog'liq xizmatlar ko'rsatilishini talab qilish huquqini mustahkamlaydi; depozit sertifikati — bankka qo'yilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog'oz; deponent — depo hisobvarag'iga ega bo'lgan shaxs; investitsiya aktivlari — qimmatli qog'ozlar, pul mablag'lari va qonunchilikka muvofiq investitsiya aktivlari deb e'tirof etiladigan boshqa mol-mulk; investor — qimmatli qog'ozlarni o'z nomidan va o'z hisobidan oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs; infratuzilma obligatsiyalari — ishlab chiqarish infratuzilmasini va boshqa infratuzilmani barpo etish va (yoki) rekonstruktsiya qilishni moliyalashtirish uchun pul mablag'larini jalb etish maqsadida xo'jalik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar; kliring — qimmatli qog'ozlar savdosining tashkilotchilari tomonidan ro'yxatdan o'tkazilgan qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar bo'yicha o'zaro majburiyatlarni aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olish; korporativ obligatsiyalar — aktsiyadorlik jamiyatlari va mas'uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar; market-meyker — qimmatli qog'ozlarga doir narxlar, talab va taklif darajasini saqlab turish uchun birja bitimlarini tuzish majburiyatini o'z zimmasiga olgan investitsiya vositachisi; netting — mijozning barcha pul talablarini uning barcha pul majburiyatlariga nisbatan hisobga olish orqali amalga oshiriladigan kliring usuli; noemissiyaviy qimmatli qog'ozlar — ushbu Qonunga muvofiq emissiyaviy qimmatli qog'ozlar tushunchasiga oid bo'lmagan qimmatli qog'ozlar; obligatsiya — emissiyaviy qimmatli qog'oz bo'lib, u obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qat'iy belgilangan foizni olishga bo'lgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlaydi; xalqaro obligatsiya — sotiladigan emissiyaviy qimmatli qog'oz bo'lib, u emitent tomonidan chiqariladi va moliyaviy tashkilotlarning guruhi tomonidan joylashtiriladi, emitentning mamlakatidan tashqari bir yoki undan ko'proq davlatda taklif etiladi, birlamchi ravishda (shu jumladan obuna bo'yicha) faqat ushbu guruh orqali sotib olinadi; chet ellik nominal saqlovchi — qimmatli qog'ozlarga doir huquqlarni hisobga olishning va (yoki) qimmatli qog'ozlar hisob-kitoblarining xalqaro markazlashgan tizimi bo'lgan yoxud chet el birjalaridagi yoki boshqa tartibga solinadigan bozorlardagi savdolar natijalariga ko'ra qimmatli qog'ozlar bo'yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi markaziy depozitariy bo'lgan, qimmatli qog'ozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirig'iga ko'ra, qimmatli qog'ozlarning egasi bo'lmagan holda, qimmatli qog'ozlarni hisobga olishni va ularga bo'lgan huquqlarni tasdiqlashni amalga oshiradigan chet el tashkiloti; optsion — emissiyaviy qimmatli qog'oz bo'lib, u o'z emitentining muayyan miqdordagi qimmatli qog'ozlarini unda nazarda tutilgan muddatda, qat'iy belgilangan narx bo'yicha sotib olishga bo'lgan huquqini tasdiqlaydi; fond birjasi — ommaviy va oshkora birja savdolarini oldindan belgilangan joyda va belgilangan vaqtda o'rnatilgan qoidalar asosida tashkil etish hamda o'tkazish orqali faqat qimmatli qog'ozlar savdosi uchun sharoitlar yaratib beruvchi yuridik shaxs; egasining nomi yozilgan qimmatli qog'ozlar — mulkiy huquqlarning realizatsiya qilinishi o'z egasining ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lishini talab etadigan qimmatli qog'ozlar; emissiyaviy qimmatli qog'ozlar — bitta chiqarilish doirasida bir xil belgilar va rekvizitlarga ega bo'lgan, mazkur chiqarilish uchun yagona shartlar asosida joylashtiriladigan hamda muomalada bo'ladigan qimmatli qog'ozlar; Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reyestri — ro'yxatdan o'tkazilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining ro'yxati; emitent — emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qog'ozlarning egalari oldida majburiyatlari bo'lgan yuridik shaxs; davlat g'aznachilik obligatsiyalari — emissiyaviy qimmatli qog'ozlar bo'lib, to'lanish muddatidan qat'i nazar, ular egalik qiluvchi tomonidan O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga pul mablag'lari kiritilganligini tasdiqlaydi va ushbu emissiyaviy qimmatli qog'ozlarga egalik qilishning butun muddati mobaynida qat'iy belgilangan daromad olish huquqini beradi; qimmatli qog'ozlar — hujjatlar bo'lib, ular mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi o'rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydi, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad to'lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga o'tkazish imkoniyatini nazarda tutadi; qimmatli qog'ozlar bozori — yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog'liq munosabatlari tizimi; qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilari — qimmatli qog'ozlarning emitentlari, qimmatli qog'ozlarning egalari, investorlar, qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek birjalar va Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi; qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi — qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs; qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining mijozi (mijoz) — deponent yoki qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa shaxs; qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyat — qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog'liq xizmatlar ko'rsatish bo'yicha litsenziyalanadigan yoki vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turi; qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar — qimmatli qog'ozlarning oldi-sotdisi, hadyasi, merosi, ustav fondiga kiritilishi va qimmatli qog'ozlar egasining almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar, shuningdek qimmatli qog'ozlar garovi; qimmatli qog'ozlarga doir fyuchers — qimmatli qog'oz bo'lib, u o'zida nazarda tutilgan muddatda qimmatli qog'ozlarning muayyan sonini qat'iy belgilangan narxda sotib olish yoki sotish majburiyatini tasdiqlaydi; qimmatli qog'ozlarni joylashtirish — qimmatli qog'ozlarni ularning dastlabki egalariga berish; Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi — depo hisobvaraqlari bo'yicha qimmatli qog'ozlarni saqlashning, bunday qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olishning va qimmatli qog'ozlar harakatining yagona tizimini ta'minlovchi tashkilot; qimmatli qog'ozlarning muomalasi — qimmatli qog'ozlarni sotib olish va sotish, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan, qimmatli qog'ozlarning egasi almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar; qimmatli qog'ozlarni nominal saqlovchi — qimmatli qog'ozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirig'iga ko'ra qimmatli qog'ozlarni hisobga olishni va ularga bo'lgan huquqlarni tasdiqlashni qimmatli qog'ozlarning egasi bo'lmagan holda amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi, Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi; qimmatli qog'ozlarni chiqarish — yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarining ob'yekti sifatida qimmatli qog'ozlar paydo bo'lishiga qaratilgan harakatlari; qimmatli qog'ozlar egasi — qimmatli qog'ozlar o'ziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli bo'lgan yuridik yoki jismoniy shaxs; qimmatli qog'ozlar egalarining reyestri — ro'yxatdan o'tkazilgan qimmatli qog'ozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko'ra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qog'ozlar emitentining nomi, ushbu qimmatli qog'ozlarning soni, nominal qiymati, turi va xili, shuningdek reyestrda ro'yxatdan o'tkazilgan shaxslarga axborot yuborish imkoniyatini beradigan ma'lumotlar ko'rsatilgan ro'yxati; qimmatli qog'ozlar emissiyasi — emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish va joylashtirish; qimmatli qog'ozlarning emissiya risolasi — emitent va u chiqaradigan qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi ma'lumotlarni, shuningdek investorning qimmatli qog'ozlar olish to'g'risidagi qaroriga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan boshqa axborotni aks ettiruvchi hujjat; qimmatli qog'ozlarning hosilalari — o'z egalarining boshqa qimmatli qog'ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan optsionlar, qimmatli qog'ozlarga doir fyucherslar, depozitar tilxatlar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog'ozlar; hisobga olish registrlari — investitsiya vositachisida va Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida qimmatli qog'ozlarni saqlash hamda qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish bo'yicha depozitar operatsiyalar standartlari bilan belgilangan yozuvlar tizimi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.