«Raqobat to'g'risida»gi qonun

19-modda. Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni taqiqlash

Tovar yoki moliya bozorida ikki va undan ortiq tarafning raqobatni cheklashga yoki iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan yoxud olib kelishi mumkin bo'lgan, bitta yoki bir nechta hujjatda aks ettirilgan yozma shakldagi shartlashuvi, shuningdek og'zaki shakldagi shartlashuvi raqobatga qarshi kelishuvdir. Raqobatlashayotgan xo'jalik yurituvchi sub'yektlar, shu jumladan potentsial raqobatchilar o'rtasidagi raqobatni cheklashga va (yoki) iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan hamda quyidagilarga qaratilgan raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar taqiqlanadi hamda o'z-o'zidan haqiqiy emas deb topiladi: narxlarni (tariflarni), chegirmalarni, ustamalarni, qo'shimcha to'lovlarni yoki ustama narxlarni sun'iy ravishda belgilash yoki saqlab turish, erkin bozor narxlarining qaror topishiga to'sqinlik qilish; taklif hajmini sun'iy ravishda o'zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olish, tovarlarni ishlab chiqarishni iqtisodiy yoki texnologik jihatdan asossiz ravishda kamaytirish va (yoki) tugatish yoxud texnologiyalar va investitsiyalarni cheklashni kelishib olish; eng yaxshi takliflarni tanlashda, tenderlarda, auktsionlarda, birjalarda va boshqa savdolarda (bundan buyon matnda savdolar deb yuritiladi) narxlarni oshirish, pasaytirish yoki saqlab turish; tovar yoki moliya bozorini hududiy printsip bo'yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo'yicha, tovarlarning xillari bo'yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo'yicha bo'lib olish yoxud mahsulot sotiladigan bozorlar ustidan nazorat o'rnatish; boshqa xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning muayyan tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, buyurtmachilar sifatida tovar yoki moliya bozoriga kirishini cheklash yoki ularni bozordan chetlashtirish yoxud xo'jalik yurituvchi sub'yektlarni muayyan bozorga kiritmaslik; ayrim sotuvchilar yoki sotib oluvchilar bilan shartnomalar tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo'lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag'larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o'zga shaxsga o'tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish yo'li bilan shartnomalar tuzish. Raqobatlashmayotgan xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning, shuningdek xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning yuridik shaxslar birlashmasi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan raqobatga qarshi kelishuvlariga hamda muvofiqlashtirilgan harakatlariga, agar bunday kelishuvlar va harakatlar pirovard natijada ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo'lsa, yo'l qo'yilmaydi, shu jumladan quyidagi kelishuvlari va harakatlariga yo'l qo'yilmaydi: sotuvchining yoki sotib oluvchining hududni yoki sotib oluvchilar doirasini tovarni keyinchalik qayta sotish maqsadida mustaqil ravishda belgilashini cheklaydigan kelishuvlari va harakatlariga; tovarlarni qayta sotish uchun narxlarga cheklovlar belgilaydigan kelishuvlari va harakatlariga; boshqa xo'jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni xo'jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan realizatsiya qilishni taqiqlaydigan kelishuvlari va harakatlariga. Xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning iqtisodiy faoliyatini ushbu xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga aloqador bo'lmagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashqi muvofiqlashtirish, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko'rsatilgan oqibatlardan biriga olib kelsa, taqiqlanadi. Agar raqobatga qarshi kelishuvlar va harakatlar ishlab chiqarishni takomillashtirishga, texnika taraqqiyotini yuksaltirishga, innovatsiyalarni joriy etishni rag'batlantirishga, ishlab chiqarish va tovarlarni realizatsiya qilish hajmlarini ko'paytirishga yoki iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishga yoxud tovarlarning jahon tovar yoki moliya bozoridagi raqobatbardoshliligini oshirishga qaratilgan bo'lsa, ushbu moddada nazarda tutilgan taqiqlar mazkur kelishuvlar va harakatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Oddiy tilda

**Nimani anglatadi** Raqobatga qarshi kelishuvlar — bu ikki yoki undan ortiq kompaniyalar o'rtasida narxlarni, ishlab chiqarish hajmlarini yoki bozor bo'linishini kelishib olish. Muvofiqlashtirilgan harakatlar — bu shunga o'xshash niyatlar bilan qilingan ish-harakatlar. Ikkalasi ham raqobani zaif qiladi va iste'molchilarga zarar yetkazadi. **Kimga tegishli** Bu qonun barcha xo'jalik yurituvchi sub'yektlar (kompaniyalar, tadbirkorlar) uchun majburiy. **Amalda** Agar uchta telefon operatori narxlarni ko'tarishga kelishib olsa, bu raqobatga qarshi kelishuvdir va taqiqlanadi. Yoki agar ikki do'kon bir hududda narxlarni bir xil saqlashga rozi bo'lsa, bu ham taqiqlanadi.

Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.