Raqobat to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanktsiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida qo'llaniladi va qonunchilikning bunday buzilishlari quyidagi miqdorlarda jarimalar solishga sabab bo'ladi:
1) tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi raqobatga qarshi kelishuvlar tuzganlik, muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etganlik, xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning iqtisodiy faoliyatini ushbu xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga aloqador bo'lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan chetdan muvofiqlashtirganlik uchun — tovar yoki moliya bozorida raqobat to'g'risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo'lmagan davrda:
xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga — raqobat to'g'risidagi qonunchilikni buzgan har bir xo'jalik yurituvchi sub'yektning tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi summasining 5 foizi miqdorida;
yuridik shaxslarning birlashmalariga — kelib tushgan a'zolik badallari summasining 5 foizi miqdorida;
2) tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeni hamda ustun muzokara kuchini suiiste'mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo'lgan mahsulotlar narxlarini asossiz ravishda oshirganlik uchun — xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga tovar yoki moliya bozorida raqobat to'g'risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo'lmagan davrda tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5 foizi miqdorida;
3) xo'jalik yurituvchi sub'yektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish va xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo'yicha bitimlarni (harakatlarni) vakolatli davlat organining oldindan roziligini olmasdan turib tuzganlik (sodir etganlik) uchun, xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga bunday rozilik olish talab etiladigan hollarda — bazaviy hisoblash miqdorining ming baravari miqdorida;
4) insofsiz raqobatni sodir etganlik uchun — xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga tovar yoki moliya bozorida raqobat to'g'risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo'lmagan davrda, raqobat to'g'risidagi qonunchilik buzilgan tovar yoki moliya bozorida tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 2 foizi miqdorida;
5) raqobat to'g'risidagi qonunchilik talablarining savdolarga oid qismini buzganlik uchun — savdolarning xo'jalik yurituvchi sub'yekt bo'lgan ishtirokchilariga, davlat xaridlari doirasidagi korporativ buyurtmachilarga, elektron savdolar operatorlariga, tashkilotchilarga — savdolar predmeti boshlang'ich narxining 3 foizi miqdorida;
6) vakolatli davlat organining oldindan roziligini olmasdan turib davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etganlik (qayta tashkil etganlik, faoliyatini o'zgartirganlik) uchun — ularni tashkil etish (qayta tashkil etish, faoliyatini o'zgartirish) tashabbuskori bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'yektga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida;
7) vakolatli davlat organiga axborotni taqdim etmaganlik yoki o'z vaqtida taqdim etmaganlik, noto'g'ri yoki yolg'on ma'lumotlar taqdim etganlik uchun — xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida.
Raqobat to'g'risidagi qonunchilikning iqtisodiy jihatdan past ta'sir darajasiga ega bo'lgan buzilishini birinchi marta sodir etgan xo'jalik yurituvchi sub'yektga nisbatan moliyaviy sanktsiyalar qo'llanilmaydi va unga bunday huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo'l qo'ymaslik haqida ogohlantirish beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanktsiyalar sud tartibida qo'llaniladi, bundan huquqbuzar sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda to'lagan hollar mustasno.
Huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo'l qo'ymaslik haqida ogohlantirish olish, shuningdek jarimani to'lash raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishiga yo'l qo'ygan shaxsni vakolatli davlat organining qarorini (taqdimnomasini, ko'rsatmasini) bajarish yoki raqobat to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.
Raqobat to'g'risidagi qonunchilikning iqtisodiy jihatdan past ta'sir darajasiga ega bo'lgan buzilishlari hollari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn42-modda. Raqobat to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanktsiyalar
(42-модданинг иккинчи ва учинчи қисмлари Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 4 сентябрдаги ЎРҚ-954-сонли Қонунига асосан иккинчи — бешинчи қисмлар билан алмаштирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.09.2024 й., 03/24/954/0682-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.