Sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish uchun quyidagilar asos bo'ladi:
kreditorlar talablarini qanoatlantirishning qarzni to'lash jadvalida belgilangan muddatlari sud sanatsiyasi tartib-taomili jarayonida qarzdor tomonidan bir necha marta yoki bir marta jiddiy ravishda (bir oydan ortiq muddatga) buzilganligi;
qarzdor qarzni to'lash jadvalini bajarishga qodir emasligidan dalolat beruvchi holatlarning mavjudligi.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish to'g'risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish haqidagi masalani ko'rib chiqish uchun kreditorlarning yig'ilishini ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan asoslar yuzaga kelgan paytdan e'tiboran ikki hafta ichida o'z tashabbusiga ko'ra yoki kreditorlar qo'mitasining qarori asosida chaqirishi shart.
Qarzdorning rahbari kreditorlarning yig'ilishiga qarzni to'lash jadvali va sud sanatsiyasi rejasi bajarilishining yakunlari haqida hisobot taqdim etishi shart. Hisobotga qarzdorning oxirgi hisobot sanasidagi holatga ko'ra buxgalteriya balansi, qarzdorning daromadlari (foydasi) va zararlari to'g'risidagi hisobot, qanoatlantirilgan talablar miqdori ko'rsatilgan holda kreditorlarning talablari reyestri va kreditorlarning talablari qanoatlantirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi kreditorlarning yig'ilishiga qarzdor rahbarining hisoboti bilan bir vaqtda qarzdor rahbarining hisoboti yuzasidan o'z xulosasini taqdim etadi.
Kreditorlarning yig'ilishi qarzdor rahbarining hisobotini, shuningdek sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining mazkur hisobot bo'yicha xulosasini ko'rib chiqish yakunlariga ko'ra tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish to'g'risida yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish to'g'risida qaror qabul qilishga haqli. Kreditorlar yig'ilishining iltimosnomasiga kreditorlar yig'ilishi bayonnomasining ko'chirma nusxasi, shuningdek kreditorlar yig'ilishi tomonidan qabul qilingan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ushbu masala yuzasidan ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilinadi.
Sud tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida kreditorlar yig'ilishining iltimosnomasi asosida ajrim chiqaradi yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qiladi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
103-modda. Sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.