«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

209-modda. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasining mazmuni

Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasida jismoniy shaxs kreditorlarining talablari, shuningdek talablarni qanoatlantirish tartibi va muddatlari ko'rsatilishi kerak. Kreditorlarni va tegishli vakolatli organni jismoniy shaxsning mulkiy holatida jiddiy o'zgarishlar mavjudligi to'g'risida xabardor qilish tartibi uning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasida belgilanadi. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasini amalga oshirish muddati uch yildan oshishi mumkin emas. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasida jismoniy shaxsning garov bilan ta'minlangan majburiyatlari bo'yicha talablarni garov bilan ta'minlangan mol-mulkni sotishdan tushgan mablag'lar hisobidan to'liq hajmda qanoatlantirish nazarda tutilishi kerak. Qarzdor jismoniy shaxsning fuqarolar hayotiga yoki sog'lig'iga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash, shuningdek alimentlar undirish, mehnatga oid va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan, intellektual faoliyat natijalariga ko'ra muallifga haq to'lashga doir talablardan kelib chiquvchi to'lovlar bo'yicha talablari jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasiga kiritiladi. Kreditorlarning va tegishli vakolatli organning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasiga kiritilgan talablarini mutanosib ravishda qanoatlantirish belgilanadi. Kreditorning va (yoki) tegishli vakolatli organning alohida roziligi bilan jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasida bunday rozilikni bergan shaxsning talablarini to'liq bo'lmagan hajmda qanoatlantirilishi ko'rsatilishi mumkin. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasida garov narsasi bo'lgan mol-mulkni sotish tartibi va muddatlari to'g'risidagi qoidalar bo'lishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.