«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

70-modda. Kreditorlarning talablari to'liq qanoatlantirilmaganligi sababli subsidiar javobgarlik

Agar yuridik shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy ko'rsatmalar berish huquqiga ega bo'lgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki egasining yoxud qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning g'ayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo'lsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo'lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga uning majburiyatlari bo'yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Boshqa holatlar isbotlanmaguniga qadar sud hujjati bilan belgilangan quyidagi holatlar g'ayriqonuniy harakatlar tufayli kreditorlar talablarini to'liq qanoatlantirishni imkonsiz qilib qo'ygan deb hisoblanadi: agar qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs foydasiga yoxud ushbu shaxs tomonidan qarzdorning bir yoki bir nechta bitimlarini (bunday bitimlar ushbu shaxsning ko'rsatmasiga ko'ra tuzilgan bo'lsa), shu jumladan ushbu Qonunning 6-bobida nazarda tutilgan bitimlarni tuzish natijasida kreditorlarning mulkiy huquqlariga jiddiy zarar yetkazilgan bo'lsa; soxta to'lovga qobiliyatsizlik, to'lovga qobiliyatsizlikni yashirish yoki qarzdorni qasddan to'lovga qobiliyatsizlikka olib kelish alomatlari benefitsiarlar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari bilan aniqlanganligi to'g'risida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud bo'lsa; qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxslarni qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun javobgarlikka tortish to'g'risida sud hujjati qabul qilinganligi munosabati bilan yuzaga kelgan qarzdorlik kreditorlar talablari reyestriga kiritilgan talablar umumiy miqdorining yetmish foizidan oshgan bo'lsa. Agar qarzdorning ishlarini boshqaruvchi bir nechta shaxsning g'ayriqonuniy harakatlari kreditorlarning talablarini to'liq qanoatlantirishni imkonsiz qilib qo'ysa, bunday shaxslar solidar tartibda subsidiar javobgar bo'ladi. Agar subsidiar javobgarlikka tortilgan shaxs qarzdor faoliyatiga hal qiluvchi ta'sir ko'rsatganligi isbotlanmagan bo'lsa, sud shaxsni sudbsidiar javobgarlikdan ozod qilishi yoki javobgarlik miqdorini kamaytirishi mumkin. Qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning subsidiar javobgarligi miqdori kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablar summasi bilan tugatish massasi o'rtasidagi farqqa teng bo'ladi. Agar qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning subsidiar javobgarligi miqdori bunday shaxsning aybi bilan kreditorlarning mulkiy huquqlariga yetkazilgan zarar miqdoridan kam ekanligi isbotlangan bo'lsa, ushbu boshqaruvchi shaxs hisobidan qanoatlantirilishi lozim bo'lgan talablar miqdori tegishli ravishda kamaytirilishi mumkin. Agar yuridik shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy ko'rsatmalar berish huquqiga ega bo'lgan muassisning (ishtirokchining) yoki yuridik shaxs mol-mulki egasining g'ayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo'lsa, ushbu shaxslar qarzdorning kreditorlari oldidagi majburiyatlari qanoatlantirilguniga qadar qarzdor rahbari va (yoki) boshqa yuridik shaxs muassislari (ishtirokchisi) yoki mulkdori sifatida ishtirok etishga haqli emas.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.