«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

88-modda. Kreditorlarning birinchi yig'ilishini chaqirish

Muvaqqat boshqaruvchi kreditorlarning birinchi yig'ilishi o'tkaziladigan sanani belgilaydi va bu haqda barcha aniqlangan kreditorlarni, qarzdor xodimlarining vakilini, shuningdek kreditorlarning birinchi yig'ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo'lgan boshqa shaxslarni (organlarni) xabardor qiladi. Kreditorlarning birinchi yig'ilishini o'tkazish to'g'risida xabardor qilish ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda muvaqqat boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Kreditorlarning birinchi yig'ilishi qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to'g'risidagi sud ajrimida sud majlisini o'tkazishning belgilangan sanasiga kamida besh kun muddat qolganida o'tkazilishi kerak. Talablari ushbu Qonun 87-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqdim etilgan va kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan kreditorlar kreditorlar birinchi yig'ilishining ovoz berish huquqiga ega bo'lgan ishtirokchilaridir. Kreditorlarning birinchi yig'ilishida qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili, qarzdor xodimlarining vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin. Kreditorlar yig'ilishida mazkur shaxslarning yo'qligi yig'ilishni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo'lmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.