Sud sanatsiyasi tartib-taomili o'tkazilayotganda qarzdorning boshqaruv organlari o'z vakolatlarini ushbu bobda belgilangan cheklovlar bilan amalga oshiradi.
Sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan paytda:
kreditorlarning talablarini ta'minlash bo'yicha ilgari qabul qilingan choralar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning o'ziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili doirasida joriy etiladi;
to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to'lovlarini (bundan ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar bo'yicha soliqlar mustasno) to'lash to'xtatib turiladi va sud sanatsiyasi tartib-taomili jarayonining muddati yakunlangach to'lanadi. Bunday holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e'tiboran mazkur soliq qarzlari olti oy ichida teng miqdorda bo'lib-bo'lib to'lanadi;
sud sanatsiyasi tartib-taomili paytida yuzaga kelgan pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka (jarima, penya) va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanktsiyalar, shuningdek to'lanishi lozim bo'ladigan foizlar qo'llanilmaydi.
Qarzni to'lash jadvaliga muvofiq qanoatlantirilishi lozim bo'lgan pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha kreditorning talablari summasiga O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblanadi. Bu foizlar sud sanatsiyasini joriy etish haqida sud ajrim chiqargan paytdan e'tiboran va kreditorning talabini qanoatlantirish paytigacha, agar bunday qanoatlantirish ro'y bermasa, — unda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qilish paytigacha kreditorning talablari summasiga qo'shib yozilishi lozim.
Kreditorlar yig'ilishining, majburiyatlarni bajarish ta'minotini bergan shaxslarning yoki sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdorning rahbari sud sanatsiyasi rejasini bajarmaganligi yoxud lozim darajada bajarmaganligi haqidagi yoki qarzdorning rahbari qarzdorning, kreditorlarning, majburiyatlarni bajarish ta'minotini bergan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan iltimosnomasiga binoan sud qarzdorning rahbarini o'z vazifasini bajarishdan chetlashtirishga haqlidir. Bunday hollarda sud qarzdorning rahbari vazifasini bajarishni sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining zimmasiga yuklatishga haqli. Sud qarzdorning rahbarini o'z vazifasini bajarishdan chetlashtirish haqida ajrim chiqaradi, bu ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi kreditorlar yig'ilishining yoxud kreditorlar qo'mitasining roziligisiz qarzdorni qayta tashkil etish (qo'shib yuborish, qo'shib olish, bo'lish, ajratib chiqarish, o'zgartirish) va tugatish to'g'risida qaror qabul qilishga, qarzdor esa quyidagi bitimlarni tuzishga haqli emas:
ko'chmas mol-mulkni ijaraga, garovga berish, mazkur mol-mulkni xo'jalik jamiyatlarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) ulush sifatida qo'shish yoki bunday mol-mulkni boshqacha usulda tasarruf etish bilan bog'liq bitimlar;
yirik bitimlar;
zayomlar (kreditlar) olish va berish, kafillik berish, talab qilish huquqlaridan o'zganing foydasiga voz kechish, qarzni boshqa shaxsga o'tkazish, shuningdek qarzdorning mol-mulkini ishonchli boshqarish shartnomasini tuzish bilan bog'liq bitimlar;
sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi yoki kreditorlar muayyan bitimlarning tuzilishidan qonunchilikda belgilangan tartibda manfaatdor bo'ladigan bitimlar.
Sudning sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish haqidagi ajrimi qarzdor to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni to'xtatish yoki ularni bajarishni rad etish uchun asos bo'la olmaydi. Qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar tuzilgan, qarzdorning faoliyatini davom ettirish uchun muhim hisoblangan shartnomalarning bajarilishi qarzdor yoki sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi tomonidan davom ettiriladi.
Bunday holda qarzdor tomonidan tuzilgan shartnomalarning bajarilishini qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilganligi munosabati bilan to'xtatish yoki ularni bajarishni rad etish bo'yicha taraflarning kelishuvlari haqiqiy emas deb hisoblanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi va kreditorlar qarzdorning bitimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topishni talab qilish huquqiga ega.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi va kreditorlar to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atilganidan keyin yoki qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqida ariza berilishidan oldingi yigirma to'rt oy ichida tuzilgan hamda butunlay yoki qisman bajarilmagan shartnomalarni bekor qilishni quyidagi holatlardan biri mavjud bo'lgan taqdirda talab qilish huquqiga ega:
shartnomalarni bajarish qarzdorga zarar yetkazsa va (yoki) qiyosiy holatlarda tuziladigan xuddi shunday shartnomalarga nisbatan qarzdorning, kreditorlarning, qarzdor majburiyatlarining bajarilishini ta'minlovchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzsa;
shartnoma bir yildan ortiq muddatga tuzilgan yoxud qarzdor uchun faqat uzoq istiqbolda ijobiy natijalar olishga mo'ljallangan bo'lsa;
shartnoma bir kreditorning talablarini boshqa kreditorlar talablariga nisbatan afzalroq qanoatlantirishga olib kelsa.
To'liq yoki qisman bajarilmagan shartnomalar bo'yicha shartnomalarni bekor qilish haqidagi talab qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklashga monelik qiladigan boshqa holatlarda ham bildirilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
96-modda. Sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish oqibatlari
(96-модда бешинчи қисмининг иккинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 7 февралдаги ЎРҚ-1025-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 07.02.2025 й., 03/25/1025/0116-сон. Кучга кириш санаси — 2025 йил 8 май)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.