«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun

22-modda. Diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risidagi hujjatlarni ko'rib chiqish yakunlari

Ro'yxatdan o'tkazuvchi organ diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risidagi hujjatlarni ko'rib chiqish yakunlariga ko'ra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish haqidagi; diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazishni rad etish to'g'risidagi. Diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran uch ish kuni ichida: diniy tashkilot haqidagi ma'lumotlarni diniy tashkilotlar reyestriga kiritadi; diniy tashkilotni soliq organlarida va statistika organlarida hisobga qo'yishni amalga oshiradi; elektron tizimda diniy tashkilotning shaxsiy kabinetini yaratadi; diniy tashkilotning ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi elektron guvohnomani shakllantiradi; diniy tashkilotning ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi elektron guvohnomani va diniy tashkilot ustavini diniy tashkilotning elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi. Diniy tashkilotning qayta ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi elektron guvohnomada diniy tashkilot haqidagi avvalgi ma'lumotlar, shu jumladan uning nomi, ro'yxatdan o'tkazuvchi organning nomi, diniy tashkilot ro'yxatdan o'tkazilgan sana, shuningdek qayta ro'yxatdan o'tkazilgan sana ko'rsatiladi. Ro'yxatdan o'tkazuvchi organning o'zgarishi munosabati bilan diniy tashkilot qayta ro'yxatdan o'tkazilgan taqdirda, yangitdan ro'yxatdan o'tkazgan organ ilgarigi ro'yxatdan o'tkazuvchi organni tegishli ro'yxatdan o'tkazishga oid ma'lumotlarni ko'rsatgan holda elektron tizim orqali bu haqda xabardor qiladi. Diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish rad etilgan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni ichida elektron murojaatni yuboruvchining elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga rad etish asoslari ko'rsatilgan holda xabarnoma yuboriladi. Diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish rad etilganligi, basharti rad etish asoslari bartaraf etilsa, hujjatlarni takroran taqdim etish uchun monelik qilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.