Jismoniy va yuridik shaxslar yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar, shu jumladan norezidentlar bir yoki bir necha bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:
besh va undan ko'proq foizni, lekin ko'pi bilan yigirma foizni;
yigirma va undan ko'proq foizni, lekin ko'pi bilan ellik foizni;
ellik va undan ko'proq foizni tashkil etadigan ulushni bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bank ustav kapitalidagi ulushlar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olgan shaxslar tomonidan o'zgartirilgan taqdirda, ushbu Qonunning 26-moddasida ko'rsatilgan tartibda xabardor qilish yo'li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilar birgalikda harakat qiluvchi shaxslar hisoblanadi:
1) bank aktsiyalarini muvofiqlashtirilgan (kelishilgan) tarzda sotib olishni yoki shaxslarning bank aktsiyalarini birgalikda sotib olish niyatida ekanligini ko'rsatuvchi shartlar asosida bank aktsiyalarini sotib olgan shaxslar;
2) jalb etilgan shaxslar:
a) boshqa shaxs ustidan nazoratni amalga oshiruvchi yoki boshqa shaxsning nazorati ostidagi yoxud uchinchi shaxsning birgalikdagi nazorati ostidagi shaxslar;
b) ovoz berish huquqini olish uchun yoki ovoz berish huquqini birgalikda amalga oshirish uchun bitimlarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi shaxslar, agar bitimning predmeti bo'lgan ulushlar (aktsiyalar) ularga nazoratni ta'minlasa;
v) yuridik shaxsga nisbatan rahbarlik vakolatiga yoki nazorat qilish vakolatiga ega bo'lgan jismoniy shaxslar;
g) yuridik shaxs boshqaruv organlari a'zolarining ko'pchiligini tayinlash vakolatiga ega bo'lgan shaxslar;
d) yaqin qarindoshlar (qarindoshlik yoki qayin-bo'yinchilik munosabatidagi shaxslar, ya'ni ota-ona, tug'ishgan va o'gay aka-ukalar, opa-singillar, er-xotin, farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tug'ishgan yoki o'gay aka-ukalari, opa-singillari, shuningdek ularning nazorati ostidagi yuridik shaxslar);
3) nazoratni amalga oshiruvchi yuridik shaxs va uning nazorati ostidagi yuridik shaxslar, shuningdek bitta nazorat qiluvchi yuridik shaxsning nazorati ostidagi yuridik shaxslar o'zaro;
4) yuridik shaxs o'z boshqaruv organi a'zolari va jalb etilgan shaxslari bilan birga, shuningdek ushbu shaxslar o'zaro;
5) o'zining moliya-xo'jalik faoliyatida ayni bir shaxs tomonidan taqdim etilgan yoki jalb etilgan shaxslar hisoblanuvchi turli shaxslardan kelib tushayotgan moliyaviy resurslardan foydalanuvchi shaxslar;
6) o'z iqtisodiy faoliyatidan olingan nafni ayni bir shaxsga yoki jalb etilgan shaxslar bo'lgan turli shaxslarga o'tkazuvchi shaxslar;
7) asosan ishtirokchilarning (aktsiyadorlarning) yoki boshqaruv organlarining bir xil tarkibiga ega bo'lgan yuridik shaxslar;
8) bitta emitent yoki jalb etilgan shaxslar tomonidan chiqarilgan moliyaviy vositalarni sotib olish va (yoki) sotish orqali aynan o'xshash investitsiya siyosatini qabul qilgan yoki amalga oshirayotgan shaxslar;
9) bank tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlar beradigan huquqlarni o'xshash holda amalga oshirish orqali bankka nisbatan birgalikdagi uzoq muddatli siyosatni olib boruvchi shaxslar;
10) jalb etilgan shaxs (jalb etilgan shaxslar) bo'lgan ayni bir shaxsni (ayni o'sha shaxslarni) moliya-xo'jalik faoliyatini amalga oshirish, manfaatlarni ifodalash yoki o'z egaligida bo'lgan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar yoki aktsiyalar beradigan ovoz berish huquqlarini amalga oshirish uchun vakolatli vakil (vakolatli vakillar) sifatida tayinlagan yoki tayinlaydigan shaxslar;
11) bank bilan bog'liq bo'lgan operatsiyalarni o'tkazish maqsadida har qanday tashkiliy-huquqiy shaklga birlashgan shaxslar;
12) bir vaqtning o'zida bir yoki bir necha yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) aktsiyalarga yoki ulushlarga ega bo'lgan yoki egalik qiluvchi, ularning ustidan nazoratni amalga oshiruvchi va ularga nisbatan birgalikda siyosatni amalga oshiruvchi shaxslar;
13) birgalikda moliya-xo'jalik faoliyatini amalga oshirgan yoki amalga oshirayotgan shaxslar;
14) Markaziy bank tomonidan asosli mulohaza asosida belgilangan boshqa shaxslar.
Banklar boshqa bankning aktsiyalarini bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart. Banklar boshqa bankning ustav kapitalidagi ulushini ko'paytirish uchun Markaziy bankning takroriy dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Agar bankning aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish talab etilsa, bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan ariza Markaziy bank tomonidan monopoliyaga qarshi organning qarorini hisobga olgan holda ko'rib chiqiladi.
Ushbu moddaning birinchi va to'rtinchi qismlarida ko'rsatilgan bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomasiz tuzilgan bank aktsiyalarini olishga oid bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bank aktsiyalari ushbu moddaning birinchi va to'rtinchi qismlarida belgilangan talablar buzilgan holda olingan taqdirda, aktsiyalarning egasi bunday bitim tuzilgan kundan e'tiboran aktsiyadorlarning umumiy yig'ilishida ovoz berishga, aktsiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini chaqirishni va o'tkazishni talab qilishga, kun tartibiga masalalar kiritishga, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi, bankning islomiy moliya kengashi a'zoligiga nomzodlar ko'rsatishga, shuningdek bank foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga haqli emas.
Shaxs o'ziga bog'liq bo'lmagan holatlarda bankning aktsiyalarini ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan hajmda olganda Markaziy bank ruxsatnomasini olish talab qilinadi. Shaxs o'ziga bog'liq bo'lmagan holatlarda bankning aktsiyalarini olgan kundan e'tiboran Markaziy bank tomonidan tegishli qaror qabul qilinadigan kunga qadar aktsiyalar egasining huquqlari to'xtatib turiladi.
Aktsiyador o'ziga bog'liq bo'lmagan holatlarda bank aktsiyalarini olgan kundan e'tiboran oltmish kun ichida Markaziy bankning ruxsatnomasini olish uchun ariza taqdim etishi kerak. Aktsiyador tomonidan ariza taqdim etilmagan taqdirda, o'ziga bog'liq bo'lmagan holatlarda olingan bank aktsiyalari olingan kundan e'tiboran uch oy ichida boshqa shaxsga berilishi lozim.
lex.uz’dagi asl matn«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun
22-modda. Bank aktsiyalariga egalik qilishga doir ruxsatnoma va cheklov
(22-модданинг еттинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.