«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

23-modda. Bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berish

(23-модданинг ўн биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Potentsial oluvchi bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan hujjatlar ilova qilingan holdagi arizani Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ariza olingan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida potentsial oluvchiga ariza olinganligi to'g'risida tasdiqnoma yuboradi. Birgalikda harakat qilayotgan, mo'ljallanilayotgan sotib olish munosabati bilan bank aktsiyalarini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida olishni niyat qilgan shaxs yoki shaxslar guruhi potentsial oluvchidir. Markaziy bank potentsial sotib oluvchini ariza olinganligi to'g'risida tasdiqnoma yuborilgan kundan e'tiboran ikki oy ichida ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq baholashni amalga oshiradi. Potentsial oluvchi hujjatlarni to'liq hajmda taqdim etmagan taqdirda, baholash davri Markaziy bank tomonidan barcha tegishli hujjatlar olingan kundan e'tiboran boshlanadi. Potentsial sotib oluvchining ushbu Qonunning 24-moddasida ko'rsatilgan mezonlardan birontasiga muvofiq emasligini tasdiqlovchi hujjatlar va (yoki) axborot mavjud bo'lgan taqdirda, Markaziy bank bankning aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni baholashni o'tkazmasdan rad etishga haqli. Markaziy bank baholash o'tkazilayotgan davrda potentsial oluvchiga baholashni tamomlash uchun zarur bo'lgan qo'shimcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi to'g'risida so'rovnoma yuborishga haqli. Potentsial oluvchi Markaziy bankning so'rovnomasiga binoan qo'shimcha hujjatlar va axborotni so'rovnoma olingan kundan e'tiboran yigirma ish kunidan oshmagan muddatda taqdim etishi kerak, shu vaqt mobaynida baholash davri to'xtatib turiladi. Potentsial oluvchi chet elda joylashgan yoki unga nisbatan boshqa davlatning qonunlari tatbiq etilgan taqdirda, Markaziy bank qo'shimcha axborot taqdim etish davrini o'ttiz ish kunigacha uzaytirishga haqli. Taqdim etilgan axborotni aniqlashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan potentsial oluvchiga yuboriladigan keyingi so'rovnomalar baholash davrining to'xtatib turilishiga olib kelmasligi kerak. Potentsial oluvchi tomonidan ushbu moddaning yettinchi qismida ko'rsatilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda, Markaziy bank bankning aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etishga haqlidir. Markaziy bank potentsial oluvchining so'rovnomasi asosida bankning aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan arizani ko'rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan asoslangan qarorni o'z rasmiy veb-saytida e'lon qiladi. Markaziy bank mazkur axborotni potentsial oluvchining so'rovnomasi bo'lmasa ham e'lon qilishga haqli. Bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma olingan kundan e'tiboran olti oy mobaynida yuridik kuchini saqlab qoladi. Bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani bekor qilish banklar va bank faoliyati to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.