Bank aktsiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan arizani ko'rib chiqish chog'ida Markaziy bank:
potentsial oluvchining ishchanlik obro'sini;
mo'ljallanayotgan olish amalga oshirilganidan keyin tayinlanishi nazarda tutilayotgan bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi, bank islomiy moliya kengashi a'zolarining, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarining ishchanlik obro'si, bilimi, malakasi va tajribasini;
potentsial oluvchining moliyaviy salohiyatini, xususan aktsiyalarini olish mo'ljallanilayotgan bank faoliyatining ko'lami va ixtisoslashuvi jihatidan salohiyatini;
mo'ljallanilayotgan olish amalga oshirilganidan keyin bankning banklar va bank faoliyati to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan prudentsial talablarni bajara olish imkoniyatini;
mo'ljallanilayotgan olish borasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga doir amalga oshirilgan yoki amalga oshirilayotgan urinishlar mavjudligi haqidagi shubhalar, shuningdek mo'ljallanilayotgan olish amalga oshirilganidan keyin shunday tavakkalchilikning ortishi to'g'risidagi taxmin mavjud emasligini;
potentsial oluvchi faoliyatining bank faoliyati bilan uyg'unlashuvi ehtimolini va buning bank faoliyatining rivojlanishiga ta'sirini;
potentsial oluvchi korporativ boshqaruvi tashkiliy tuzilmasining va unga aloqador bo'lgan shaxslarning bankni tartibga solishga hamda uning ustidan nazorat qilishga doir ta'sirini baholaydi.
Boshqa shaxsga aloqador shaxslar quyidagilardan iborat:
yuridik shaxs boshqaruvi organlarining a'zolari, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari;
bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki shaxslar guruhi tarkibida birgalikda faoliyat ko'rsatuvchi, bankda hal qiluvchi egalikka ega bo'lgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar. Agar mazkur jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlari bankning ustav kapitalidagi ulushlarga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa, uning miqdoridan qat'i nazar, ushbu ulush mazkur shaxsning egaligida va nazorati ostida turgan deb hisoblanadi;
boshqa shaxs ustidan nazoratni amalga oshirayotgan yoki boshqa shaxsning nazorati ostidagi yoxud uchinchi shaxsning birgalikdagi nazorati ostidagi shaxslar;
bank ustidan nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar o'zida hal qiluvchi egalikka ega bo'lgan yuridik shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida ko'rsatilgan shaxslarga aloqador shaxslar, shu jumladan jismoniy shaxsning yaqin qarindoshlari, shuningdek jismoniy shaxslar va (yoki) ularning yaqin qarindoshlari o'zida nazoratni amalga oshirayotgan yoki ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushlarga egalik qilayotgan yoki boshqaruv organining a'zolari bo'lgan yuridik shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida ko'rsatilgan shaxslarning manfaatlarini ko'zlab bank bilan qaysi shaxslar orqali bitim amalga oshiriladigan bo'lsa, o'sha shaxslar va mazkur shaxslar o'rtasida qonunchilikda belgilangan mehnatga oid fuqaroviy yoki boshqa munosabatlar mavjudligi tufayli mazkur bitimda ushbu qismning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida ko'rsatilgan shaxslarning ta'siri ostida deb hisoblanadigan shaxslar;
asoslantirilgan mulohaza asosida Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa shaxslar.
Markaziy bank potentsial oluvchiga dastlabki ruxsatnomani quyidagi hollarda beradi:
potentsial oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan mezonlarga to'liq mos kelsa;
potentsial oluvchi mo'ljallanilayotgan olishning oxirgi benefitsiar mulkdori emasligi xususida shubha mavjud bo'lmasa;
aktsiyadorlar bo'lgan yuridik shaxslarning haddan tashqari (potentsial oluvchidan oxirgi benefitsiar mulkdorgacha uchta pog'onadan ko'p) darajalarga tabaqalashtirilishi mavjud bo'lmasa;
hujjatlar to'liq hajmda topshirilgan bo'lsa;
potentsial oluvchi taqdim etgan hujjatlarda va axborotda noto'g'ri yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlar mavjud bo'lmasa.
Markaziy bank ushbu moddada nazarda tutilgan baholashni faqat bank aktsiyalariga bevosita egalik qiluvchi va oxirgi benefitsiar mulkdor bo'lgan shaxsga nisbatan o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilishga haqlidir.
Markaziy bank olinayotgan ulushning miqdorini belgilashga va mo'ljallanilayotgan olishni bozorning iqtisodiy ehtiyojlari nuqtai nazaridan baholashga haqli emas.
Ayni bir bankning o'zidan hal qiluvchi egalikni olish yoki ko'paytirish uchun bir vaqtning o'zida ikki yoki undan ortiq ariza berilganda Markaziy bank potentsial oluvchilarni teng shartlar asosida ko'rib chiqadi.
Potentsial oluvchini baholash tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning talablari ariza beruvchi tomonidan bank tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish uchun hujjatlarni taqdim etish chog'ida muassislarni bevosita va bilvosita egalik qiluvchilarni, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarni baholashga nisbatan ham tatbiq etiladi.
lex.uz’dagi asl matn«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun
24-modda. Potentsial oluvchini baholash
(24-модда биринчи қисмининг учинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.