O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
davlat organlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini o'z vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarining monitoringi hamda tahlilini amalga oshiradi, shuningdek mazkur sohani takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat organlari rahbarlariga davlat fuqarolik xizmati to'g'risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to'g'risida ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalar kiritadi;
davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etadi;
davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning (eng muhim ko'rsatkichlariga oid) o'lchanadigan indikatorlar tizimini joriy etadi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o'rganadi hamda davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi;
kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtiradi;
davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi va ularni izchil takomillashtirib boradi, davlat fuqarolik xizmatchilarining shaxsiga doir ma'lumotlarning xavfsizligini ta'minlagan holda ular to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantiradi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek ularning mehnat faoliyati va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishga ko'maklashadi;
davlat fuqarolik xizmati sohasida chet davlatlarning davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi, mazkur sohada O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzishda ishtirok etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida»gi qonun
8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.