«Kredit axboroti almashinuvi to'g'risida»gi qonun

16¹-modda. Jismoniy shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish

(16¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 4 мартдаги ЎРҚ-1043-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.03.2025 й., 03/25/1043/0217-сон. Кучга кириш санаси — 2025 йил 6 июнь)

Jismoniy shaxs o'zining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o'zi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash to'g'risidagi ariza O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish asosida beriladi. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash to'g'risidagi ariza olingan paytdan e'tiboran kredit byurosi tomonidan darhol kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritiladi. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda mazkur xizmatlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bepul asosda ko'rsatiladi. Jismoniy shaxslarning kredit bitimini tuzishini taqiqlash to'g'risidagi arizalari ro'yxati kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida kredit byurolari tomonidan yuritiladi. Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestridan kredit bitimini tuzish taqiqi mavjudligi yoki bunday taqiq olib tashlanganligi to'g'risidagi axborotni olmasdan turib kredit bitimini tuzish taqiqlanadi. Bunda banklar yoki nobank kredit tashkilotlari yoxud mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to'lov tashkilotlari jismoniy shaxsning ishtirokisiz yoki xabarisiz amalga oshirilgan kredit bitimidan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo'ladi. Kredit axborotidan foydalanuvchilar jismoniy shaxslar to'g'risidagi axborotni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestridan bepul asosda oladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.