Jamiyat ishtirokchisi jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o'z ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga o'tkazishga haqli. Bunday bitimni tuzish uchun, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyatning yoki jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligi talab qilinmaydi.
Jamiyat ishtirokchisi, agar jamiyatning ustavida taqiqlanmagan bo'lsa, o'z ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxslarga ushbu Qonunda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq o'tkazishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) boshqa shaxsga o'tkazish to'g'risidagi bitim, agar uni notarial shaklda amalga oshirish haqidagi talab jamiyatning ustavida nazarda tutilmagan bo'lsa, oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (ulushining bir qismiga) bo'lgan huquq boshqa shaxsga bu haqda Tadbirkorlik sub'yektlarining yagona davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilgan paytdan e'tiboran o'tadi hamda mazkur reyestrdan ko'chirma bilan tasdiqlanadi.
Davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organ ulush (ulushning bir qismi) o'tishi haqidagi yozuvni tegishli ulush (ulushning bir qismi) boshqa shaxsga o'tganligini tasdiqlovchi hujjatlarga asosan Tadbirkorlik sub'yektlarining yagona davlat reyestriga kiritadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan bitimning ushbu moddada yoki jamiyat ustavida belgilangan shakliga, shuningdek uni mazkur moddaning to'rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazish talabiga rioya etmaganlik uning haqiqiy emas deb topilishiga olib keladi.
Jamiyat ishtirokchisining ulushi ushbu Qonunning 15-moddasida ko'rsatilgan muddat davomida to'liq to'languniga qadar bo'lgan davrda u faqat to'langan qismi bo'yicha boshqa shaxsga o'tkazilishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan o'tkazilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi, bundan jamiyat ustavida davlat ulushini (davlat ulushining bir qismini) ommaviy savdolar orqali sotish nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunday huquqdan jamiyatning har bir ishtirokchisi foydalanishi mumkin. Agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun ulushni olishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilari tomonidan ulush (ulushning bir qismi) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o'z ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda olinadi.
Agar jamiyatning boshqa ishtirokchilari jamiyatning ishtirokchisi tomonidan o'tkazilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) olishda o'zining imtiyozli huquqidan foydalanmagan bo'lsa, jamiyat mazkur ulushni (ulushning bir qismini) olishda imtiyozli huquqqa ega bo'ladi.
O'z ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxsga o'tkazish niyatida bo'lgan jamiyat ishtirokchisi ulushning (ulushning bir qismining) bahosini va boshqa shartlarni ko'rsatgan holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning o'zini yozma shaklda xabardor qilishi shart, bundan jamiyat ustavida davlat ulushini (davlat ulushining bir qismini) ommaviy savdolar orqali sotish nazarda tutilgan hollar mustasno. Jamiyatning ustavida xabarnoma jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin. Ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli olish huquqini amalga oshirish istagida bo'lgan jamiyat ishtirokchisi o'z ulushini (ulushining bir qismini) o'tkazishni taklif etayotgan jamiyat ishtirokchisini yetti kun muddatda bu haqda xabardor qilishi, bunda o'tkazish taklif etilayotgan ulushni to'liq yoki uning muayyan qismini olmoqchi ekanligini ko'rsatishi kerak. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori o'tkazilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa, ishtirokchilardan har biri ulushning o'z xabarnomasida ko'rsatilgan qismini oladi. Agar ulushning qolgan qismi uchinchi shaxs ixtiyoriga o'tkazilguniga qadar jamiyat ishtirokchilaridan qo'shimcha takliflar kelib tushmasa, bunday qism uchinchi shaxsga o'tkazilishi mumkin. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori o'tkazilayotgan ulush (ulushning bir qismi) miqdoridan oshsa, ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqacha taqsimlash nazarda tutilmagan bo'lsa, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o'z ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda oladi.
Jamiyat ishtirokchilari va (yoki) jamiyat o'tkazish uchun taklif qilinayotgan butun ulushni (ulushning bir qismini) olishda imtiyozli huquqdan shunday xabar berilgan kundan e'tiboran bir oy ichida foydalanmagan taqdirda, agar jamiyat ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqa muddat nazarda tutilmagan bo'lsa, ulush (ulushning bir qismi) jamiyatga va uning ishtirokchilariga ma'lum bo'lgan bahoda hamda shartlarda uchinchi shaxsga o'tkazilishi mumkin.
Ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlariga nomutanosib ravishda olishga doir imtiyozli huquqni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoidalar jamiyat ustavida uni ta'sis etish chog'ida nazarda tutilishi, jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan umumiy yig'ilish qaroriga binoan jamiyatning ustaviga kiritilishi, o'zgartirilishi va jamiyatning ustavidan chiqarib tashlanishi mumkin.
Ulush (ulushning bir qismi) uni olishning imtiyozli huquqi buzilgan holda o'tkazilgan taqdirda, jamiyatning ishtirokchisi va (yoki) jamiyat, agar jamiyatning ustavida ulushni (ulushning bir qismini) olishda jamiyat imtiyozli huquqqa ega ekanligi nazarda tutilgan bo'lsa, bunday buzilishni bilgan yoxud uni bilishi lozim bo'lgan paytdan e'tiboran uch oy ichida oluvchining huquqlari va majburiyatlarini o'ziga o'tkazishni sud tartibida talab qilishga haqli. Mazkur imtiyozli huquqdan boshqaning foydasiga voz kechishga yo'l qo'yilmaydi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush (ulushning bir qismi) boshqa shaxsga o'tkazilganligi haqida jamiyat bunday o'tkazishning dalillari taqdim etilgan holda yozma ravishda xabardor qilinishi kerak. Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) oluvchi mazkur o'tkazish to'g'risida jamiyat yozma ravishda xabardor qilingan paytdan e'tiboran jamiyat ishtirokchisining huquqlarini amalga oshiradi va uning majburiyatlarini o'z zimmasiga oladi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) oluvchiga jamiyat ishtirokchisining mazkur ulushni (ulushning bir qismini) boshqa shaxsga o'tkazguniga qadar yuzaga kelgan barcha huquqlari va majburiyatlari o'tadi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxo'rlariga va jamiyat ishtirokchilari bo'lgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga o'tadi.
Jamiyat ishtirokchisi bo'lgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, uning kreditorlari bilan hisob-kitob tugallanganidan keyin qolgan unga qarashli ulush, agar qonunchilikda yoki tugatilayotgan yuridik shaxsning ta'sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, tugatilayotgan yuridik shaxs ishtirokchilari o'rtasida taqsimlanadi.
Jamiyat ustavida ushbu moddaning o'n oltinchi va o'n yettinchi qismlarida belgilangan ulushning (ulushning bir qismining) o'tishi va taqsimlanishiga faqat jamiyatning qolgan ishtirokchilari roziligi bilan yo'l qo'yilishi nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyat vafot etgan ishtirokchisining merosxo'ri tomonidan meros qabul qilinguniga qadar jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining huquqlari vasiyatnomada ko'rsatilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi, uning majburiyatlari esa shu shaxs tomonidan bajariladi, bunday shaxs bo'lmagan taqdirda esa notarius tayinlagan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Jamiyat ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat ishtirokchilariga yoki uchinchi shaxslarga o'tkazish, ulushning (ulushning bir qismining) merosxo'rlarga yoki huquqiy vorislarga o'tishi yoxud ulushni (ulushning bir qismini) tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari o'rtasida taqsimlash uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyat ishtirokchilariga murojaat etilgan paytdan e'tiboran o'ttiz kun ichida yoki jamiyatning ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning barcha ishtirokchilarining yozma roziligi olingan bo'lsa yoxud jamiyat ishtirokchilarining birortasidan ham rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo'lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.
Jamiyat ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat ishtirokchilariga yoki uchinchi shaxslarga o'tkazish uchun jamiyatning roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyatga murojaat etilgan paytdan e'tiboran o'ttiz kun ichida yoki jamiyat ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning yozma roziligi olingan bo'lsa yoxud jamiyatdan rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo'lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.
Ushbu Qonunda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush (ulushning bir qismi) ochiq kimoshdi savdosi orqali sotilganda, mazkur ulushni (ulushning bir qismini) oluvchi jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligidan qat'i nazar, jamiyat ishtirokchisiga aylanadi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning ellik va undan ortiq foizining egasiga aylangan shaxs (bundan davlat mustasno), agar shaxs bungacha jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga egalik qilmagan yoki ulushning ellik foizidan kamrog'iga egalik qilgan bo'lsa, minoritar ishtirokchilarga ulushlarini bozor qiymati bo'yicha o'ziga sotishni o'n besh kun ichida taklif etishi shart. Jamiyatning ustavida ushbu taklif jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin.
Agar jamiyat ishtirokchisining o'ziga tegishli ulushini sotishi to'g'risida o'ttiz kun ichida yozma roziligi olinsa, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning ellik va undan ortiq foiziga egalik qiluvchi shaxs taklif etilgan ulushni sotib olishi shart.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
21-modda. Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) jamiyatning boshqa ishtirokchilariga va uchinchi shaxslarga o'tishi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.