Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi jamiyat ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yig'ilish o'tkazilishini jamiyat va uning ishtirokchilari manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham o'tkaziladi.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan:
jamiyat ishtirokchilaridan birining;
jamiyat kuzatuv kengashining;
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) talabiga binoan chaqiriladi.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi zarur hollarda jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan uning tashabbusiga binoan chaqirilishi mumkin.
Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi talab olingan sanadan e'tiboran uch kun ichida mazkur talabni ko'rib chiqishi va jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish haqida yoki uni o'tkazishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilishi shart.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazishni rad etish to'g'risidagi qaror jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan faqat quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin:
agar jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi talabni taqdim etishning ushbu Qonunda belgilangan tartibiga rioya etilmagan bo'lsa;
agar jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan masalalardan birortasi ham uning vakolatlari jumlasiga kirmasa.
Agar jamiyatning ustavida kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilgan bo'lsa, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi talab olingan sanadan e'tiboran besh kun ichida bu talabni kuzatuv kengashi ko'rib chiqishi uchun kiritishi shart. Kuzatuv kengashi uch kun ichida mazkur talabni ko'rib chiqishi va jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risida yoki ushbu moddaning beshinchi qismida ko'rsatilgan asoslar bo'yicha uni o'tkazishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilishi shart.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan masalalarning biri yoki bir nechtasi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining vakolatlari jumlasiga kirmasa yoki qonunchilik talablariga mos bo'lmasa, mazkur masalalar kun tartibiga kiritilmaydi.
Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif etilgan masalalar ta'rifiga o'zgartirishlar kiritishga, shuningdek jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazishning taklif qilingan shaklini o'zgartirishga haqli emas.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan masalalar bilan bir qatorda jamiyatning ijro etuvchi organi o'z tashabbusi bilan kun tartibi rasmiy ravishda o'qib eshittiriladigan kundan kechiktirmay, unga qo'shimcha masalalar kiritishga haqli.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda, bunday umumiy yig'ilish uni o'tkazish to'g'risidagi talabnoma olingan kundan e'tiboran qirq besh kundan kechiktirmay o'tkazilishi shart.
Agar ushbu Qonunda belgilangan muddat ichida jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilinmagan yoki uni o'tkazishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilingan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi uni o'tkazishni talab qilayotgan organlar yoki shaxslar tomonidan chaqirilishi mumkin. Bunday holda jamiyatning ijro etuvchi organi mazkur organlarga yoki shaxslarga jamiyat ishtirokchilarining manzillari ko'rsatilgan ro'yxatni taqdim etishi shart. Umumiy yig'ilishga tayyorgarlik ko'rish, uni chaqirish va o'tkazish xarajatlarining o'rni jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan jamiyatning mablag'lari hisobidan qoplanishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
33-modda. Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.