«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

34-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqirish tartibi

Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni o'tkazishdan kamida o'ttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining ro'yxatida ko'rsatilgan manzil bo'yicha topshirilganligi ma'lum qilinadigan tilxat asosida yoki xabarnoma olinganligini tasdiqlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda yoxud jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart. Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi o'tkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi ko'rsatilishi kerak. Jamiyatning ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining kun tartibiga qo'shimcha masalalarni kiritish to'g'risida uni o'tkazishdan kamida o'n besh kun oldin takliflar kiritishga haqli. Qo'shimcha masalalar, jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining vakolatlari jumlasiga kirmaydigan masalalarni istisno etganda, jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining kun tartibiga kiritiladi. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan qo'shimcha masalalar ta'rifiga o'zgartirish kiritishga haqli emas. Agar jamiyat ishtirokchilarining taklifiga binoan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining dastlabki kun tartibiga o'zgartirishlar kiritiladigan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar kun tartibiga kiritilgan o'zgartirishlar haqida jamiyatning barcha ishtirokchilarini umumiy yig'ilish o'tkaziladigan kundan kamida o'n kun oldin, ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan usulda xabardor qilishi shart. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish chog'ida jamiyat ishtirokchilariga taqdim etilishi lozim bo'lgan axborot va materiallar jumlasiga quyidagilar kiradi: jamiyatning yillik hisoboti; jamiyatning moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirish yakunlariga ko'ra jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) xulosasi; moliyaviy hisobotlarning to'g'riligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi belgilangan talablarga muvofiqligi to'g'risidagi auditorlik xulosasi; jamiyatning ijro etuvchi organlariga, jamiyatning kuzatuv kengashiga va jamiyatning taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) nomzod (nomzodlar) to'g'risidagi ma'lumotlar; jamiyat ta'sis hujjatlarining yangi tahrirdagi loyihalari, shuningdek ularga kiritilayotgan o'zgartirish va qo'shimchalar loyihalari; jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa axborot va materiallar. Agar jamiyat ustavida jamiyat ishtirokchilarini axborot va materiallar bilan tanishtirishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar ularga axborot va materiallarni jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi xabarnoma bilan birgalikda yuborishi shart, kun tartibi o'zgartirilgan taqdirda, tegishli axborot va materiallar ana shunday o'zgartish to'g'risidagi xabarnoma bilan birgalikda yuboriladi. Ko'rsatilgan axborot va materiallar jamiyat ijro etuvchi organining binosida tanishish uchun jamiyatning barcha ishtirokchilariga jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi o'tkazilguniga qadar o'ttiz kun ichida taqdim etilishi kerak. Jamiyatning ustavida ushbu moddada ko'rsatib o'tilganidan qisqaroq muddatlar nazarda tutilishi mumkin. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini chaqirishning ushbu moddada belgilangan tartibi buzilgan taqdirda, agar bunday umumiy yig'ilishda jamiyatning barcha ishtirokchilari ishtirok etayotgan bo'lsa, mazkur umumiy yig'ilish vakolatli deb e'tirof etiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.