Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi ushbu Qonunda, jamiyatning ustavida va uning hujjatlarida belgilangan tartibda o'tkaziladi. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini o'tkazish tartibi ushbu Qonun, jamiyatning ustavi va hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismida jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qarori bilan belgilanadi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi ochilishidan oldin jamiyat ishtirokchilari ro'yxatdan o'tkaziladi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishda shaxsan yoki o'z vakillari orqali ishtirok etishga haqli. Jamiyat ishtirokchilarining vakillari o'z vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatni (ishonchnomani) ko'rsatishi kerak. Jismoniy shaxs nomidan berilgan ovoz berishga doir ishonchnoma notarial tartibda tasdiqlangan bo'lishi kerak. Yuridik shaxs nomidan ovoz berishga doir ishonchnoma uning rahbarining imzosi bilan beriladi va ushbu yuridik shaxsning muhri bilan (muhr mavjud bo'lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega. Jamiyatning jamiyat ishtirokchilarining ko'rsatib o'tilgan huquqlarini cheklovchi ta'sis hujjatlarining qoidalari yoki jamiyat organlarining shunday qarorlari haqiqiy emas.
Jamiyatning har bir ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o'z ulushiga mutanosib ovozlar soniga ega bo'ladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Jamiyatni ta'sis etish paytida jamiyatning ustaviga binoan yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan jamiyatning ustaviga o'zgartirishlar kiritish yo'li bilan jamiyat ishtirokchilari ovozlarining sonini aniqlashning boshqacha tartibi belgilanishi mumkin. Jamiyat ustavining bunday tartibni belgilaydigan qoidalarini o'zgartirish va chiqarib tashlash jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qarori asosida amalga oshiriladi.
Jamiyatning ro'yxatdan o'tmagan ishtirokchisi (jamiyat ishtirokchisining vakili) ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi xabarnomada ko'rsatilgan vaqtda yoki, agar jamiyatning barcha ishtirokchilari ro'yxatdan o'tib bo'lgan bo'lsa, oldinroq ochiladi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi faqat ushbu Qonun 34-moddasining birinchi, ikkinchi, uchinchi va beshinchi qismlariga muvofiq jamiyat ishtirokchilariga xabar qilingan kun tartibidagi masalalar bo'yicha qarorlar qabul qilishga haqli, bundan mazkur umumiy yig'ilishda jamiyatning barcha ishtirokchilari ishtirok etayotgan hollar mustasno.
Ushbu Qonun 31-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko'rsatilgan masalalarga, shuningdek jamiyatning ustavida belgilangan boshqa masalalarga doir qarorlar, agar shunday qarorni qabul qilish uchun ushbu Qonunda yoki jamiyatning ustavida ko'proq ovozlar soni zarurligi nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ushbu Qonun 31-moddasi ikkinchi qismining o'n ikkinchi xatboshisida ko'rsatilgan masalaga doir qarorlar jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Qolgan qarorlar, agar bunday qarorlarni qabul qilish uchun ushbu Qonunda yoki jamiyatning ustavida ko'proq ovozlar soni zarurligi nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qarorlari, agar jamiyatning ustavida qarorlarni qabul qilishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo'lsa, ochiq ovoz berish yo'li bilan qabul qilinadi.
Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining bayonnomasi yuritilishini tashkil etadi.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
35-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishini o'tkazish tartibi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.