«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

45-modda. Jamiyat boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat berish

Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga ko'ra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror to'g'risida bilgan yoki bilishi lozim bo'lgan kundan e'tiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab bo'lgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishida ishtirok etgan bo'lsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan e'tiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Sud ishning barcha holatlarini hisobga olgan holda, agar ariza bergan jamiyat ishtirokchisining ovozi ovoz berish natijalariga ta'sir ko'rsata olishi mumkin bo'lmasa va (yoki) yo'l qo'yilgan qoidabuzarlik jiddiy bo'lmasa va (yoki) qaror jamiyatning ushbu ishtirokchisiga zarar yetkazmagan bo'lsa, shikoyatga sabab bo'lgan qarorni o'z kuchida qoldirishga haqli. Jamiyatning kuzatuv kengashining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat mazkur ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.