Jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs, kollegial ijro etuvchi organi a'zosi yoki o'z affillangan shaxslari bilan birgalikda jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining yigirma va undan ortiq foiziga ega bo'lgan jamiyat ishtirokchisi tuzilishidan manfaatdor bo'lgan bitimlar jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining roziligisiz tuzilishi mumkin emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar, ularning eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari quyidagi hollarda jamiyat tomonidan bitim tuzilishidan manfaatdor shaxslar deb e'tirof etiladi:
ular bitim taraflari deb hisoblansa yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini ifodalasa;
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxs aktsiyalarining (paylarining, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega bo'lsa (har biri alohida-alohida yoki jamlangan holda);
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxsning boshqaruv organlarida lavozimni egallab turgan bo'lsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar jamiyat ustavida belgilangan boshqa hollarda ham jamiyatning bitim tuzishidan manfaatdor shaxslar deb e'tirof etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi e'tiboriga quyidagi axborotni yetkazishi kerak:
o'zining, o'z eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) affillangan shaxslarining aktsiyalarining (paylarining, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega bo'lgan yuridik shaxslar to'g'risidagi;
o'zining, o'z eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari boshqaruv organlarida lavozimni egallab turgan yuridik shaxslar to'g'risidagi;
ular tuzilishidan manfaatdor deb e'tirof etilishi mumkin bo'lgan tuziladigan yoki taxmin qilinadigan bitimlar to'g'risidagi.
Tuzilishidan manfaatdorlik bo'lgan bitimlarni jamiyat tuzishi to'g'risidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi tomonidan jamiyatning uning tuzilishidan manfaatdor bo'lmagan ishtirokchilari umumiy ovozlarining ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Agar bitim jamiyat bilan boshqa taraf o'rtasida, bitim tuzilishidan manfaatdor shaxs ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq shunday shaxs deb e'tirof etiladigan paytga qadar bo'lgan odatdagi xo'jalik faoliyati jarayonida tuzilgan bo'lsa, manfaatdorlik bo'lgan bitimni tuzish ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qarorini talab qilmaydi (jamiyat ishtirokchilarining keyingi umumiy yig'ilishi o'tkaziladigan sanaga qadar qaror talab qilinmaydi).
Tuzilishidan manfaatdorlik bo'lgan va ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan bitimlar jamiyatning yoki uning ishtirokchisining da'vosi asosida sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Manfaatdor shaxs jamiyat oldida o'zi jamiyatga yetkazgan zarar miqdorida javobgar bo'ladi. Agar bir necha shaxs javobgar bo'lsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar bo'ladi.
Jamiyatda jamiyatning kuzatuv kengashi tashkil etilgan taqdirda, tuzilishidan manfaatdorlik bo'lgan bitimlarni tuzish to'g'risidagi qarorni qabul qilish jamiyatning ustavi bilan uning vakolatlari jumlasiga kiritilishi mumkin, bundan bitimning yoki bitim predmeti bo'lgan mol-mulkning qiymati bo'yicha haq to'lash summasi jamiyatning oxirgi hisobot davridagi moliyaviy hisobotlari ma'lumotlari asosida aniqlangan mol-mulki qiymatining besh foizidan ortiq bo'lgan hollar mustasno.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
49-modda. Jamiyatning bitim tuzishdan manfaatdorligi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.