Agar jamiyat ustavida yirik bitimlarning ancha katta miqdori nazarda tutilmagan bo'lsa, bunday bitimlarni tuzish to'g'risidagi qaror qabul qilinadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun moliyaviy hisobotlarning ma'lumotlari asosida aniqlangan jamiyat sof aktivlari miqdorining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega bo'lgan mol-mulkni jamiyat olishi, o'z tasarrufidan chiqarishi yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bog'liq bo'lgan bitim yoki o'zaro bog'liq bir necha bitim yirik bitim deb hisoblanadi. Jamiyatning odatdagi xo'jalik faoliyati jarayonida tuziladigan bitimlar yirik bitimlar deb e'tirof etilmaydi.
Ushbu moddaning maqsadlari uchun yirik bitim natijasida jamiyatning tasarrufidan chiqariladigan mol-mulkning qiymati uning buxgalteriya hisobi ma'lumotlari asosida, jamiyat oladigan mol-mulkning qiymati esa taklif qilingan baho asosida aniqlanadi.
Yirik bitimni tuzish to'g'risidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatda jamiyatning kuzatuv kengashi tuzilgan taqdirda, qiymati jamiyat mol-mulki qiymatining yigirma beshdan ellik foizigachasini tashkil etadigan mol-mulkni olish, tasarrufdan chiqarish yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bog'liq bo'lgan yirik bitimlarni tuzish to'g'risidagi qarorlarni qabul qilish jamiyatning ustaviga binoan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilishi mumkin. Bunda jamiyat kuzatuv kengashining aybi bilan yirik bitim tuzilishi natijasida yetkazilgan zarar uchun jamiyatning kuzatuv kengashi umumiy yig'ilish oldida javobgar bo'ladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan yirik bitim jamiyatning yoki uning ishtirokchisining da'vosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
50-modda. Yirik bitimlar
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.