Jamiyatning ijro etuvchi organi affillangan shaxs bilan tuzilishi kutilayotgan bitim to'g'risida uni o'rganish natijalari bayonnomasini ilova qilgan holda jamiyat kuzatuv kengashini yozma shaklda xabardor qiladi.
Jamiyatning kuzatuv kengashi affillangan shaxs bilan tuziladigan bitim to'g'risidagi axborotni o'rganadi va affillangan shaxsning yozma bildirishi jamiyatga kelib tushgan sanadan e'tiboran o'n besh kundan kechiktirmay bitim bo'yicha qaror qabul qiladi.
Agar jamiyat kuzatuv kengashining ikki va undan ortiq a'zosi affillangan shaxs bo'lsa, bitim bo'yicha qaror ushbu Qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatning affillangan shaxsi jamiyatning kuzatuv kengashi yoki jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi mazkur bitim yuzasidan qaror qabul qilayotganda muhokamada ishtirok etishga haqli emas va ovoz berish huquqiga ega bo'lmaydi.
Affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitimni ma'qullash haqidagi qaror majlisda ishtirok etayotgan jamiyat kuzatuv kengashi a'zolari tomonidan bir ovozdan yoxud jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishida ishtirok etayotgan ishtirokchilar umumiy ovozlari sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko'pchilik (malakali ko'pchilik) ovozi bilan qabul qilinadi. Bunda affillangan shaxs bilan tuzilayotgan, qiymati jamiyat sof aktivlari qiymatining o'n yoki undan ko'p foizini tashkil etadigan bitim tuzish to'g'risidagi qaror mol-mulkning baholovchi tashkilot tomonidan O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan bozor qiymati hisobga olingan, mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan bitim shartlari o'rganilgan holda, majburiy tartibda qabul qilinadi.
Jamiyatning ijro etuvchi organi affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitim bo'yicha qabul qilingan qaror haqida o'zi bilan ushbu bitim tuzilishi kutilayotgan tarafni yozma shaklda xabardor qiladi.
Agar affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitim ayni bir vaqtda yirik bitim bo'lsa, bitimni tuzish tartibiga nisbatan ushbu Qonunning 5-bobida belgilangan yirik bitim tuzishga doir qoidalar qo'llaniladi.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
58-modda. Jamiyatning affillangan shaxsi bilan tuziladigan bitimni ma'qullash
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.