Jamiyatning ishtirokchilari affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni ma'qullash haqida qabul qilingan qarordan norozi bo'lgan yoxud jamiyat ishtirokchisi qarorni qabul qilishda ishtirok etmagan taqdirda, ushbu bitim bo'yicha nizolashishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining talabiga ko'ra unga jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor) yoki kollegial ijro etuvchi organi tomonidan imzolangan, affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitim haqidagi tegishli axborot bilan birga quyidagilarning ko'chirma nusxalari uch ish kuni ichida taqdim etilishi shart:
affillangan shaxs bilan tuzilishi kutilayotgan bitim tarafi yozma bildirishining;
bitimni o'rganish natijasi bayonnomasining;
bitimni ma'qullash to'g'risida qabul qilingan qarorning;
tegishli shartnomaning, agar u tuzilgan bo'lsa.
Jamiyat ishtirokchisining talabiga ko'ra, unga affillangan shaxs bilan tuzilayotgan bitimga taalluqli bo'lgan boshqa axborot ham taqdim etiladi.
Affillangan shaxs bilan tuzilgan qaysi bitim natijasida jamiyatga zarar yetkazilgan bo'lsa yoxud ushbu bitim tuzilganligi oqibatida kelgusida zarar yetkazilishi mumkin bo'lsa, jamiyat ishtirokchisi o'sha bitimni haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudga murojaat qilishga haqli.
Jamiyatning besh foizdan kam bo'lmagan miqdordagi ulushiga egalik qiluvchi ishtirokchisi affillangan shaxs bilan tuzilgan qaysi bitim natijasida jamiyatga zarar yetkazilgan bo'lsa yoxud ushbu bitim tuzilganligi oqibatida kelgusida zarar yetkazilishi mumkin bo'lsa, o'sha bitimni tuzishga doir talablar buzilishining mavjud belgilarini o'rganish uchun mustaqil ravishda auditorlik tashkilotini jalb etishga haqli. Bitim tuzishga doir talablar buzilganligi fakti sud tomonidan aniqlangan taqdirda, jamiyat sudning qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan e'tiboran bir oylik muddatda jamiyat ishtirokchisining auditorlik tashkilotini jalb etishga doir xarajatlarining o'rnini mazkur xizmatlarning bozor qiymatidan ko'p bo'lmagan miqdorda qoplashi shart.
Affillangan shaxs bilan tuzilgan bitim quyidagi hollarda sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi mumkin:
ushbu Qonunda bitim tuzish bo'yicha belgilangan talablarga rioya etilmaganda;
bitimning jamiyatga zarar yetkazishiga doir asoslar mavjud bo'lganda;
bitimni tuzishda manfaatlar to'qnashuvi mavjud bo'lganda;
qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo'lganda.
Affillangan shaxs bilan tuzilgan bitim quyidagi holatlardan biri mavjud bo'lganda haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas:
affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish to'g'risidagi da'vo bilan sudga murojaat qilgan ishtirokchining ovoz berishi ushbu bitimni ma'qullash to'g'risida qaror qabul qilingan umumiy yig'ilishda uning ishtirok etishidan yoki ishtirok etmasligidan qat'i nazar, ovoz berish natijalariga ta'sir ko'rsatmasa;
mazkur bitimning tuzilishi jamiyatga yoki da'vo bilan sudga murojaat qilgan jamiyat ishtirokchisiga zarar yetkazilishiga sabab bo'lganligi yoki zarar yetkazilishiga sabab bo'lishi mumkinligi isbotlanmagan bo'lsa;
mazkur bitim bo'yicha zararlar bitim taraflarining harakatlariga bog'liq bo'lmagan holatlarning (fors-major holatlarning) natijasi bo'lganligi isbotlangan bo'lsa;
mazkur bitimning ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda keyinchalik ma'qullanganligiga oid dalillar ishni sudda ko'rib chiqish paytida taqdim etilgan bo'lsa.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
59-modda. Affillangan shaxs bilan tuzilgan bitim bo'yicha nizolashish
Oddiy tilda
**Nimani anglatadi**
Affillangan shaxs (jamiyat bilan bog'liq odam yoki tashkilot) bilan tuzilgan shartnomalar jamiyatga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun jamiyat ishtirokchilari bu shartnomalarga nazar solish, ularni rad etish yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Agar shartnoma qonun talablariga rioya qilmasa yoki jamiyatga zarar yetkazsa, sud uni bekor qilishi mumkin.
**Kimga tegishli**
Bu huquq jamiyatning barcha ishtirokchilariga, ayniqsa kamida besh foizlik ulushga egalik qiluvchi ishtirokchilarga tegishli.
**Amalda**
Direktor affillangan kompaniya bilan shartnoma tuzmoqchi. Ishtirokchi bu shartnomaning nusxasini, tahlil natijasini va qarorni so'rasa, direktor uch kun ichida taqdim etishi kerak. Agar shartnoma jamiyatga zarar yetkazsa, ishtirokchi sudga murojaat qilishi mumkin.
Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.