Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan jamiyat ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi mumkin.
Jamiyatni qayta tashkil etish qo'shib yuborish, qo'shib olish, bo'lish, ajratib chiqarish va o'zgartirish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Jamiyat qayta tashkil etish natijasida tuzilgan yuridik shaxslar davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi, bundan qo'shib olish shaklidagi qayta tashkil etish hollari mustasno.
Jamiyat unga boshqa jamiyatni qo'shib olish shaklida qayta tashkil etilganda ulardan birinchisi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qo'shib olingan jamiyat faoliyati tugatilganligi haqidagi yozuv kiritilgan paytdan e'tiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish to'g'risidagi yozuvlarni kiritish, shuningdek ustavga kiritilgan o'zgartirishlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamiyat jamiyatni qayta tashkil etish to'g'risida qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran, jamiyat qo'shib yuborish yoki qo'shib olish shaklida qayta tashkil etilganda esa, qo'shilishda yoki qo'shib olishda ishtirok etayotgan jamiyatlardan oxirgisi tomonidan bu haqda qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran o'ttiz kundan kechiktirmay jamiyatning o'ziga ma'lum barcha kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishi va qabul qilingan qaror haqida ommaviy axborot vositalarida xabar e'lon qilishi shart. Bunda jamiyat kreditorlari jamiyatning tegishli majburiyatlari muddatidan ilgari tugatilishini yoki bajarilishini va ko'rgan zararlarining o'rni qoplanishini o'ziga xabarnoma yuborilgan sanadan e'tiboran o'ttiz kun ichida yoki qaror qabul qilinganligi to'g'risida xabar e'lon qilingan sanadan e'tiboran o'ttiz kun ichida yozma ravishda talab qilishga haqli.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish to'g'risidagi yozuvlarni kiritish faqat ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan tartibda kreditorlar xabardor qilinganligining dalillari taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo'shib yuborish, qo'shib olish yoki bo'lish shaklida qayta tashkil etilsa, faoliyati tugatilayotgan jamiyatning tijorat banklaridagi barcha hisobvaraqlari yopiladi va undagi mavjud pul mablag'lari belgilangan tartibda tegishincha taqsimlanadi.
lex.uz’dagi asl matn«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun
60-modda. Jamiyatni qayta tashkil etish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.