«Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida»gi qonun

21-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash

(21-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 10 апрелдаги ЎРҚ-1054-сонли Қонунига асосан иккинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 10.04.2025 й., 03/25/1054/0329-сон)

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash quyidagi bosqichlardan iborat: normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash to'g'risidagi taklifni ko'rib chiqish va loyihani tayyorlash haqida qaror qabul qilish; normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkiliy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta'minlash; normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo'lgan materiallarni va axborotni to'plash; tartibga solish ta'sirini baholashdan o'tkazish; imtiyozlarni belgilashning hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan va davlat maqsadli jamg'armalaridan mablag'lar ajratishning maqsadga muvofiqligini asoslash; normativ-huquqiy hujjat loyihasining matnini tayyorlash; huquqiy va boshqa zarur ekspertizani o'tkazish; normativ-huquqiy hujjat loyihasiga doir tushuntirish xatini loyihaning kontseptsiyasini bayon etgan holda tayyorlash. Eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishdan oldin uning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda jamoatchilik muhokamalari ishtirokchilaridan kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar inobatga olingan holda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi davlat tilida tayyorlanadi. Zarur bo'lganda, u boshqa tilga tarjima qilinishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlash hamda tegishincha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish muddati, agar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida boshqa muddat belgilanmagan bo'lsa, ikki oydan kam etib belgilanishi mumkin emas. O'zbekiston Respublikasining qonunlari loyihalarini tayyorlashning va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishning o'ziga xos xususiyatlari «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to'g'risida»gi hamda «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.