Davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) bevosita yoki bilvosita ishtirok etish orqali, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihasida davlat sherigi sifatida ishtirok etish orqali amalga oshiriladi.
Quyidagilarga yo'l qo'yilmaydi:
besh va undan ortiq xususiy tadbirkorlik sub'yekti tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonani va uning affillangan shaxslarini tashkil etishga;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish, shuningdek ro'yxatdan o'tkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan sohalarda ushbu organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan ular ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga;
yagona yetkazib beruvchi bo'lgan yoki o'ziga mazkur huquq berilgan yoxud ustun mavqega ega bo'lgan davlat ishtirokidagi korxona tomonidan faoliyati muassisning tovarlaridan (resurslaridan) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanishga bog'liq bo'lgan hamda xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shug'ullanadigan, ushbu korxonaga affillangan shaxslarni tashkil etishga, bundan mazkur affillangan shaxslarning ularni raqobatchilar bilan teng faoliyat shart-sharoitlari bilan ta'minlagan holda bo'lib yuborish natijasida tashkil etilishi hollari mustasno;
davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobat rivojlangan sohalarda o'z asosiy faoliyatiga bog'liq bo'lmagan qo'shimcha faoliyat bilan shug'ullanishiga;
davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobat rivojlangan sohalarda xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishiga yoki undagi ulushni olishiga.
Ushbu modda ikkinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko'rsatilgan talablar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) vakolatli davlat organining oldindan roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish quyidagi hollarda talab etiladi:
davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish chog'ida;
davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini qayta tashkil etish chog'ida (qo'shib yuborish va qo'shib olish shaklida);
xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalar (ulushlar) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan olinganda;
davlat ishtirokidagi korxonalarning, shuningdek ushbu korxonalar affillangan shaxslarining faoliyat turi o'zgarganda.
Ushbu moddaning beshinchi qismida ko'rsatilgan talablar O'zbekiston Respublikasi qonunlarida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etishga (qayta tashkil etishga), ularning faoliyat turini o'zgartirishga, shuningdek aktsiyalar (ulushlar) olishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Agar davlat ishtirokidagi korxonalar yoki ularning affillangan shaxslari ushbu moddaning talablarini buzgan holda tashkil etilgan (qayta tashkil etilgan) bo'lsa yoki faoliyat turini o'zgartirgan bo'lsa, shuningdek aktsiyalar (ulushlar) olgan bo'lsa, bunday holda davlat ishtirokidagi mazkur korxonalar yoki ularning affillangan shaxslari vakolatli davlat organining ko'rsatmasiga binoan yoxud sud tartibida tegishincha tugatiladi yoki ularning faoliyat turi o'zining avvalgi faoliyat turiga o'zgartiriladi yoxud aktsiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlar haqiqiy emas deb topiladi.
lex.uz’dagi asl matn24-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobatga ta'sirini cheklash
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.