«Raqobat to'g'risida»gi qonun

27-modda. Iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik olish

Oldindan rozilik olish talab etiladigan iqtisodiy kontsentratsiyani amalga oshirish chog'ida shaxslar yoki shaxslar guruhi bu harakatlar bajarilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar vakolatli davlat organiga quyidagilarni qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etadi: iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizani; norezident bo'lgan jismoniy shaxs uchun — pasportning ko'chirma nusxasini; norezident bo'lgan yuridik shaxs uchun — davlat ro'yxatidan o'tganligi to'g'risidagi hujjatning ko'chirma nusxasini yoki uning o'rnini bosuvchi hujjatni; bitim taraflarining ariza berilgan kundan avvalgi ikki yil davomidagi yoxud agar faoliyat ikki yildan kam muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat davomidagi faoliyati turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari to'g'risidagi ma'lumotlarni; o'tgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy va statistika hisobotlarini; shaxslar guruhining tarkibi to'g'risidagi ma'lumotlarni, bunday shaxslarning ushbu shaxslar guruhiga kirish asoslari ko'rsatilgan holda; shaxslar yoki bir guruh shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarining (ulushlarining) 25 foizdan ko'prog'iga bevosita yoki bilvosita egalik qilish orqali haqiqatda nazorat qiladigan jismoniy shaxslar — asosiy benefitsiar mulkdorlar to'g'risidagi ma'lumotlarni. Iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqqanlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yig'im undiriladi. Iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi ariza quyidagi tarzda ko'rib chiqiladi: agar harakat (bitim) raqobatga ta'sir qilmasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ro'yxatga olingan paytdan e'tiboran o'ttiz kalendar kundan kechiktirmay arizachi qabul qilingan qaror to'g'risida yozma shaklda xabardor qilinadi; agar harakat (bitim) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lsa, qo'shimcha o'rganish o'tkazish uchun arizani ko'rib chiqish muddati ikki oydan ko'p bo'lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Iqtisodiy kontsentratsiyaning raqobatga ta'sirini baholash uchun ekspertlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqish natijalari bo'yicha vakolatli davlat organi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risida; iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berishni rad etish haqida. Vakolatli davlat organi arizachiga oldindan rozilik berishni quyidagi hollarda rad etishga haqli, agar: iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizaning qanoatlantirilishi tovar yoki moliya bozorida tegishli xo'jalik yurituvchi sub'yektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoxud kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lsa; taqdim etilgan hujjatlarda noto'g'ri yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi. Vakolatli davlat organi hatto tovar yoki moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'yektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoxud kuchayishiga va raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lgan taqdirda ham, agar iqtisodiy kontsentratsiya to'g'risida qaror qabul qiluvchi yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar o'z harakatlari (bitimlari) iste'molchilarga sezilarli tarzda naf keltirishini isbotlab bersa, iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish haqidagi arizani qanoatlantiradi. Vakolatli davlat organi iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berishga va buni raqobatni ta'minlashga qaratilgan talablarni bajarish bilan bog'liq qilib qo'yishga haqli. Bunda mazkur talablar, shuningdek ularni bajarish muddatlari vakolatli davlat organining iqtisodiy kontsentratsiyaga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorida ko'rsatilishi kerak. Tovar yoki moliya bozorida tegishli xo'jalik yurituvchi sub'yektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlarni bajarish (bitimlar tuzish) to'g'risida qaror qabul qilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar vakolatli davlat organining talabiga ko'ra raqobatning zarur shart-sharoitlarini tiklash bo'yicha choralar ko'rishi shart. Vakolatli davlat organining oldindan berilgan roziligisiz tuzilgan, tovar yoki moliya bozorida raqobatning cheklanishiga olib keladigan iqtisodiy kontsentratsiyaga doir bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Iqtisodiy kontsentratsiyani amalga oshirish uchun vakolatli davlat organidan oldindan rozilik olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.