Vakolatli davlat organi:
1) raqobatni himoya qilish va rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni o'z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
2) tovar yoki moliya bozoridagi raqobat va iqtisodiy kontsentratsiyaning holatini, ustun mavqening, shu jumladan tabiiy monopoliya sub'yektlarining, shuningdek ustun muzokara kuchining mavjudligini aniqlaydi;
3) xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining raqobat to'g'risidagi qonunchilik talablariga rioya etishini tekshiruvdan o'tkazib, bu haqda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organni qonunchilikda belgilangan tartibda xabardor qiladi;
4) raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishlarini aniqlaydi, ular bo'yicha ishlar qo'zg'atadi va ishlarni ko'rib chiqadi, ularning natijalariga ko'ra raqobatni tiklash, raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishlarini bartaraf etish, shu jumladan xo'jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) ixtiyoriy ravishda qaytarish haqida qaror qabul qiladi;
5) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga va jismoniy shaxslarga raqobatni tiklash, raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishlarini hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish haqida ijro etish uchun majburiy bo'lgan ko'rsatmalar va ko'rib chiqilishi lozim bo'lgan taqdimnomalar beradi;
6) xo'jalik yurituvchi sub'yektlarni, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini va boshqa tashkilotlarni, yuridik shaxslarning birlashmalarini, ularning mansabdor shaxslarini va boshqa jismoniy shaxslarni raqobat to'g'risidagi qonunchilikni buzganligi uchun tegishli javobgarlikka tortadi;
7) raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishi bilan bog'liq jinoyatlar alomatlari bo'yicha jinoyat ishini qo'zg'atish to'g'risidagi masalani hal qilish uchun materiallarni tegishli organlarga yuboradi;
8) raqobat to'g'risidagi qonunchilikning qo'llanilishi va buzilishi bilan bog'liq ishlarning sudda ko'rib chiqilishida ishtirok etadi;
9) sudga raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishlarini tugatish, ularga yo'l qo'ymaslik va ularni bartaraf etish to'g'risidagi murojaatlarni, shu jumladan:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining raqobat to'g'risidagi qonunchilikka to'liq yoki qisman muvofiq bo'lmagan hujjatlarini haqiqiy emas va harakatlarini qonunga xilof deb topish haqidagi;
raqobat to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq bo'lmagan bitimlarni (shartnomalarni) o'zgartirish, ularni to'liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to'g'risidagi;
raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishi oqibatida olingan daromadni (foydani) undirish, shuningdek jarima solish va uni undirish haqidagi;
savdolarning natijalarini va mazkur savdolarning natijalari bo'yicha tuzilgan bitimlarni (shartnomalarni) ushbu Qonunning 29-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko'ra haqiqiy emas deb topish haqidagi;
xo'jalik yurituvchi sub'yektlarni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish to'g'risidagi;
raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarga nisbatan huquqiy ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash haqidagi murojaatlarni yuboradi;
10) narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim bo'lgan tovarlar uchun narxlarning (tariflarning) qo'llanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
11) oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlariga, shuningdek tovarlarning yuqori likvidli va (yoki) monopol turlariga bo'lgan narxlarning keskin tebranishlari davrida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga, xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga omborxonalarni inventarizatsiya qilish chog'ida aniqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining ortiqcha hajmlarini realizatsiya qilish va (yoki) ular raqobatni cheklaydigan harakatlar sodir etganligi natijasida asossiz ravishda oshirilgan narxlarni pasaytirish bo'yicha ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar va ko'rib chiqilishi lozim bo'lgan taqdimnomalar beradi;
12) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga, xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga va jismoniy shaxslarga raqobat to'g'risidagi qonunchilikning buzilishiga olib keladigan harakatlarga (harakatsizlikka) yo'l qo'ymaslik to'g'risida ogohlantirishlar beradi;
13) amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turlarining hamda amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab qilinadigan faoliyat (harakatlar) turlari sonini zarur hujjatlar ro'yxatini kamaytirish, ma'muriy tartib-taomillarning muddatlarini va qiymatini maqbullashtirish, ularning raqobat muhitiga ta'sirini tahlil etish yo'li bilan qisqartirish bo'yicha takliflar kiritadi;
14) normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta'sirini baholash natijalariga ko'ra xulosa beradi;
15) imtiyozlar, preferentsiyalar va faoliyatni amalga oshirish uchun eksklyuziv huquqlar tarzida ko'rsatilayotgan davlat yordamining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi hamda ular raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatgan taqdirda, ularni bekor qilish to'g'risida takliflar kiritadi;
16) xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning monopoliyaga qarshi organlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, shuningdek xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda, O'zbekiston Respublikasining raqobatni himoya qilish masalalariga doir xalqaro dasturlari va loyihalarini amalga oshirish bo'yicha xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi hukumatlararo yoki idoralararo komissiyalar ishida ishtirok etadi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn30-modda. Vakolatli davlat organining vakolatlari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.