Shaharsozlik kodeksi

3-modda. Asosiy tushunchalar

(3-модданинг ўн тўққизинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 5 майдаги ЎРҚ-1061-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.05.2025 й., 03/25/1061/0409-сон)

Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: aholi punkti — huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan O'zbekiston Respublikasi ma'muriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul); aholi punktining bosh rejasi — aholi punktini hududiy rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini hamda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish shart-sharoitlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati; aholi punktlariaro hududlar — ikki va undan ortiq aholi punkti oralig'idagi aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi hududlar; aholi punktining chegara chizig'i — aholi punkti yerlarining ularni yer fondining boshqa toifalaridan ajratib turadigan, shaharsozlik hujjatlarida belgilangan tashqi chegarasi; aholini joylashtirish tizimi — mavjud aholi punktlarini rivojlantirish hamda yangi aholi punktlarini barpo etish yo'li bilan aholini tegishli hududga tartibga solib boriladigan tarzda joylashtirishning shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan asosiy yo'nalishlari; bino — funktsional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki bo'lishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga mo'ljallangan, tayanch, to'sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruktsiyalardan iborat qurilish tizimi; buyurtmachi — ob'yektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va buzishning amalga oshirilishini ta'minlovchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs; zonalashtirish — hududni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish chog'ida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda, hududning funktsional maqsadga ko'ra bo'linishi; inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarish, moddiy qimmatliklarni joylashtirish va saqlash, odamlarning vaqtincha bo'lishi (harakatlanishi), shuningdek uskunalar yoki kommunikatsiyalarni joylashtirish (o'tkazish, ulash) uchun mo'ljallangan, tayanch, to'sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruktsiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi; ishlab chiqarish ob'yektlari — odamlar va texnologik asbob-uskunalar ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar ta'minlanadigan ishlab chiqarishni joylashtirish uchun mo'ljallangan binolar hamda inshootlar; qizil chiziqlar — shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan, mavzelarning, kichik dahalarning va rejalashtirish tuzilmasi boshqa elementlarining hududlarini aholi punktlarining ko'chalaridan, tor ko'chalaridan va maydonlaridan ajratib turuvchi chegaralar; noyob va alohida muhim ob'yektlar — alohida yoki birgalikda o'ziga xos, betakror hajmiy-rejaviy, konstruktiv, muhandislik yoki texnologik yechimlari hamda arxitektura g'oyasi bilan, yuqori texnik darajadagi yutuqlar va me'morchilikni o'zida mujassam etgan binolar, inshootlar va ularning majmualari; reklama va axborot ob'yektlari (konstruktsiyalari) — tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qo'llaniladigan vositalar, shuningdek aholiga axborot yetkazish vazifalarini bajaruvchi texnik vositalar (konstruktsiyalar); turar joy ob'yektlari — odamlar yashashi uchun mo'ljallangan binolar, doimiy yashash uchun uy-joylar (xonadonlar), shuningdek vaqtincha yashash uchun yotoqxonalar, mehmonxonalar, maktab-internatlar, qariyalar uylari; urbanizatsiya — aholining ijtimoiy-kasbiy va demografik tuzilishida ijobiy o'zgarishlarga, uning turmush tarzi hamda madaniyati sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarilishiga ko'maklashuvchi, jamiyat va iqtisodiyotni rivojlantirishda shaharlarning rolini oshirish, shuningdek shahar infratuzilmasini shakllantirish jarayoni. Urbanizatsiya, qoida tariqasida, shahar atrofini shahar hududiga kiritish, bir nechta aholi punktlarini yagona makonga birlashtirish bilan birga olib boriladi; fuqaroviy ob'yektlar — madaniyat, jismoniy tarbiya, sport, ilm-fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko'rsatish muassasalari va tashkilotlarini, bank-moliya muassasalarini, qurilish-kommunal tashkilotlarini, aloqa hamda transport korxonalarini joylashtirish uchun mo'ljallangan binolar va inshootlar; shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy yechimlari yig'indisini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini hisobga olgan holda ta'minlovchi nazariyasi hamda amaliyoti; shaharsozlik reglamenti — hududlarni va aholi punktlarini qurishning belgilangan qoidalari, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog'ida aholi punktlarining hamda aholi punktlariaro hududlarning yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarining, boshqa ko'chmas mulk ob'yektlaridan foydalanish ko'rsatkichlari hamda turlarining yig'indisi; shaharsozlik faoliyati — davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini, shuningdek mazkur hududlar hamda aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy o'ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruktsiya qilish sohasidagi faoliyati; shaharsozlik hujjatlari — hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to'g'risidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlar; yakka tartibdagi uy-joy — yakka tartibda uy-joy qurish va tomorqa xo'jaligini yuritish uchun mo'ljallangan bir yer uchastkasida joylashgan bir yoki bir nechta turar-joy binolari va ularga taalluqli bo'lgan tomorqa-xo'jalik imoratlari va hovli inshootlari.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.