Suv kodeksi

128-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari bo'ylab suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash

Suvni muhofaza qilish zonalari ushbu hududlar kimning tasarrufida yoki yerdan foydalanishda bo'lganidan qat'i nazar, doimiy yoki vaqtinchalik oqimga ega bo'lgan barcha daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari bo'ylab belgilanadi. Suvni muhofaza qilish zonasiga qayirlar, yer osti suvlari sizib chiqadigan yer uchastkalari, toshqin, sel, qor ko'chkisi va yer ko'chkisi hodisalari uchraydigan yer uchastkalari, qayir yuqorisidagi birlamchi terrasalar, o'zak sohillarining chetlari va tik qiyaliklari, daryo vodiysiga to'g'ridan-to'g'ri tushuvchi soyliklar, jarliklar, sohillarning yuviladigan uchastkalari kiradi. Daryolar suvni muhofaza qilish zonalarining ichki chegaralari o'rtacha ko'p yillik suv sathi chizig'idan boshlab qabul qilinadi. Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalari kengligi geomorfologik, gidrogeologik sharoitlarni hisobga olgan holda, tutash yerlardan foydalanish xususiyatidan hamda o'rtacha ko'p yillik suv sarfidan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan o'lchamlarda belgilanadi. Daryoning butun uzunligi bo'yicha suvni muhofaza qilish zonasining kengligi daryo uzunligining har bir bo'lagida suv sarfiga qarab belgilanadi. Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash bo'yicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar to'liq o'rganilganligi hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo'l qo'yilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.