Suv kodeksi

131-modda. Kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo'yi mintaqalarini belgilash

Suvlari sug'orish va texnik ehtiyojlar uchun foydalaniladigan suv xo'jaligi ob'yektlari, shu jumladan kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo'ylab ulardan foydalanish, ularni rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va suv hisobini yuritish hamda boshqa tadbirlarni o'tkazish maqsadida faqat sohil bo'yi mintaqalari belgilanadi. Mazkur sohil bo'yi mintaqasida xo'jalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xo'jaligi ob'yektlarini qurish mustasno. Sohil bo'yi mintaqalarini belgilashda quyidagilarni ta'minlash nazarda tutilishi zarur: kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining suvlarini yer usti suv oqimlari bilan ifloslanishidan, ularning o'zanlarini loyqa bosishdan, sohillar va qiyaliklarning yemirilish va o'pirilish jarayonlaridan hamda suvlarning holatiga ta'sir etuvchi boshqa harakatlardan himoya qilish; kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, o'zanlarni tozalashda chiqqan tuproqni joylashtirish, shuningdek shamol eroziyasiga uchraydigan hududlarda ihota o'rmonlarini barpo etish. Kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan o'tgan hollarda rekonstruktsiya qilishda, ta'mirlashda va tiklashda hosil bo'lgan tuproqlar ushbu hududlardan texnika yordamida chiqarib tashlanishi lozim hamda tuproq uyumlarini sohil bo'yi mintaqasiga joylashtirish uchun qo'shimcha yer maydonlari ajratilmaydi. Kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari sohil bo'yi mintaqalarining ichki chegarasi normal suv sathi chizig'idan belgilanadi. Tashqi chegara kanallardan, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, o'zanlarni tozalash chog'ida hosil bo'lgan tuproqlarni joylashtirish, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi ihota daraxtzorlarini barpo etish maqsadida avtotransport, texnika, mashinalar va mexanizmlar harakatlanishi uchun yo'lning jihozlanishi hisobga olingan holda, begonalashtirilgan yerlar chegarasi bilan mos kelishi kerak. Sohil bo'yi mintaqasining hamda kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, boshqa suv xo'jaligi ob'yektlari uchun ajratiladigan yer uchastkalarining kengligi ularning namunaviy kesimlari asosida, shuningdek ularni qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash bo'yicha loyihalar, ularning haqiqiy holati joyida o'rganilganligi hisobga olingan holda yer ajratishning amaldagi qoidalariga muvofiq belgilanadi. Kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo'yi mintaqalari kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi. Kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo'yi mintaqalarining eng kichik kengligi ularning sohillarida mavjud bo'lgan va yangidan joylashtiriladigan tuproq ko'tarmalarini, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi barpo etiladigan ihota o'rmonlarini va boshqa xususiyatlarni inobatga olib sohil bo'yi mintaqalarini belgilash bo'yicha loyihalarni ishlab chiqishda ko'paytirilishi va aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohil bo'yi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo'l qo'yilmaydi. Murakkab geologik va gidrogeologik sharoitlardagi yerlardan o'tuvchi kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo'jaligi ob'yektlarining sohil bo'yi mintaqalari qo'shimcha ilmiy-tadqiqot ishlari asosida belgilanadi. Shaharlar, tumanlar va aholi punktlari doirasidagi kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo'jaligi ob'yektlarining sohil bo'yi mintaqalari o'lchamlari joydagi aniq sharoitlarni, shaharsozlik bosh rejasini hisobga olgan holda, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xo'jaligi organlari va boshqa tegishli organlar, shuningdek suv xo'jaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga ko'ra belgilanadi. Kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo'jaligi ob'yektlarining sohil bo'yi mintaqalarini belgilash bo'yicha loyiha hujjatlarida ko'rsatilgan hududlar tegishincha suv xo'jaligidan foydalanuvchi tashkilotlarga va boshqa tashkilotlarga o'rnatilgan tartibda ajratib beriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.