Suv kodeksi

49-modda. Suvdan foydalanishda suvning hisobi va hisobotini yuritish tartibi

Suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishda suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini belgilangan tartibda yuritadi. Suv resurslarining hisobi suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarida yuritiladi. Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylari pasportga ega bo'lishi, tegishli suv xo'jaligining foydalanuvchi tashkilotida ro'yxatdan o'tkazilgan, suvni boshqarish (darvoza yoki suv oqimining ochilishi va yopilishini ta'minlovchi boshqa qurilma) va hisobga olish (shu jumladan «onlayn» rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar) vositalari bilan jihozlangan hamda belgilangan tartibda attestatsiyadan o'tkazilgan bo'lishi kerak. Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarini «onlayn» rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar bilan jihozlash va ma'lumotlarni uzatish bo'yicha dasturiy ta'minot bilan ta'minlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Suvdan foydalanuvchilar tomonidan qishloq xo'jaligi ehtiyojlari uchun olinadigan suvni hisobga olish suv olish joylari suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanguniga qadar, haqiqiy sug'oriladigan maydonlarning o'lchamidan, sug'orishlar sonidan, qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orish rejimidan, suv olish davomiyligi va boshqa omillardan kelib chiqqan holda hajmiy, hisoblash va boshqa uslublarda amalga oshirilishi mumkin. Suvdan foydalanuvchilarning suv olish va suv tashlash joylarining pasportlarini ro'yxatdan o'tkazish, shuningdek suvni hisobga olish vositalarini attestatsiyadan o'tkazish tartibi: O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi tomonidan yer usti sun'iy suv ob'yektlaridan suv olishda va O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi bilan kelishgan holda yer usti tabiiy suv ob'yektlaridan suv olishda; O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan yer osti suv ob'yektlaridan suv olishda belgilanadi. Suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini yuritish maqsadida har bir suv olish joyida suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi o'rtasida belgilangan shakl bo'yicha suvning har kungi hisobga olish elektron jurnali maxsus axborot tizimida yuritiladi. Suvning har kungi hisobga olish jurnali O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo'jaligi ob'yektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasining hududiy bo'linmalari tomonidan maxsus axborot tizimida belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkaziladi. Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilar tomonidan har kuni suvdan foydalanilishi to'g'risidagi axborot dasturiy ta'minotga o'z vaqtida va to'g'ri kiritilishini kuzatib boradi. O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi va uning hududiy bo'linmalari, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlar dasturiy ta'minotning doimiy va uzluksiz ishlashini ta'minlaydi. Har oyning yakunlari bo'yicha suvdan foydalanuvchi va suv yetkazib beruvchi tashkilot o'rtasida belgilangan shakl bo'yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar maxsus axborot tizimida ikki tomonlama elektron dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Ikki tomonlama dalolatnomada keltirilgan ma'lumotlar suvdan foydalanish bo'yicha rasmiy statistika axborotini tayyorlash uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Suvdan foydalanuvchilarning soliq bazasini aniqlash maqsadida hisobot davri mobaynida suvdan foydalanuvchilar tomonidan har bir faoliyat turi bo'yicha foydalanilgan suvning hajmi to'g'risidagi axborot O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda soliq organlarining va suvdan foydalanuvchilarning e'tiboriga yetkaziladi. Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar vegetatsiya davri (1 aprel — 30 sentyabr) tugaganidan keyin 15 oktyabrga qadar va kuz-qish davrining (1 oktyabr — 31 mart) yakunida 15 aprelga qadar belgilangan tartibda Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga suvdan foydalanish to'g'risidagi elektron hisobotni taqdim etadi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1 noyabrga qadar hamda kuz-qish davri tugaganidan keyin 1 mayga qadar O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligiga suvdan foydalanish to'g'risidagi hisobotni elektron tarzda taqdim etadi. O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligiga: O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi tomonidan o'z tizimidagi sug'orish va drenaj quduqlaridan foydalanilgan yer osti suvlari to'g'risidagi hisobot vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1 noyabrga qadar va kuz-qish davri tugaganidan keyin 1 mayga qadar; boshqa suvdan foydalanuvchilar, shu jumladan ichimlik suvidan foydalanuvchilar tomonidan yer osti suvlaridan foydalanilganligi to'g'risidagi hisobot belgilangan tartibda hisobot choragidagi oydan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmay elektron tarzda taqdim etiladi. Suv resurslari bo'yicha axborot, dalolatnomalar, hisob va hisobotlar tegishli idoraviy statistika hisobotini tayyorlash hamda Davlat suv kadastrini ishlab chiqish, shuningdek suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo'yicha soliq bazasini hisoblash uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Hisobga olish jurnalining, yetkazib berilgan suvni rasmiylashtirish dalolatnomasining, joriy axborotni taqdim etish shakllari O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining tegishli buyrug'i bilan tasdiqlanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.