Suv kodeksi

60-modda. Suv servituti

Suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin: suvdan umumiy foydalanish; fuqarolar va transport vositalarining o'tishi; hayvonlarni sug'orish va chorva mollarini haydab o'tish; suv ob'yektlaridan kichik hajmli kemalar uchun suv yo'llari sifatida foydalanish; sohil bo'yi zonalaridan erkin foydalanishni, shu jumladan undan o'tishni ta'minlash. Suv servituti qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin. Suv servituti ommaviy suv servituti va xususiy suv servituti shaklida bo'lishi mumkin. Ommaviy suv servituti suvdan umumiy foydalanish huquqiga tenglashtiriladi hamda davlat va fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, mahalliy aholining manfaatlarini ta'minlash uchun jamoat manfaatlari inobatga olingan holda belgilanadi. Xususiy suv servituti tanho foydalanishga berilgan suv ob'yektlariga nisbatan belgilanadi. Ommaviy suv servituti suv ob'yektlariga yoki ularning qismlariga nisbatan, shu jumladan lotokli va boshqa usti qoplangan sug'orish tarmog'iga nisbatan qo'llaniladi. Ommaviy suv servituti suv servitutining belgilanishiga ehtiyoji bo'lgan shaxslar hamda suv ob'yekti yoki uning bir qismi va sohil bo'yi mintaqasi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi o'rtasida kelishuv mavjudligi-mavjud emasligidan qat'i nazar, agar ushbu shaxslar bunday huquqdan yer uchastkasi boshqa shaxsga mulk qilib berilguniga qadar foydalangan bo'lsa, belgilanadi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ommaviy suv servituti belgilanishini ta'minlashi shart. Boshqa hollarda, suv servituti kimlarning manfaatlarini ko'zlab suv servituti belgilanayotgan bo'lsa, o'sha shaxslar hamda suv ob'yekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi o'rtasidagi kelishuv bo'yicha, kelishuvga erishish imkoni bo'lmagan taqdirda esa sudning qaroriga ko'ra belgilanadi. Suv servitutlarining rejimi suv fondi yerlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Suv servituti suv ob'yekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasiga bo'lgan huquq boshqa shaxsga o'tgan taqdirda ham saqlab qolinadi. Suv servitutlarini amalga oshirish uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomani olish talab etilmaydi. Suv servitutining belgilanishi tanho foydalanish uchun berilgan suv ob'yekti egasini ushbu suv ob'yektiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi. Suv servituti belgilangan suv ob'yektining egasi, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, suv servituti kimning manfaatlarini ko'zlab belgilangan bo'lsa, o'sha shaxsdan ushbu suv ob'yektidan yoki uning bir qismidan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir. Fuqarolik va yer to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan suv servitutlari haqidagi qoidalar suv servitutlariga nisbatan ushbu Kodeks talablariga zid bo'lmagan qismida qo'llaniladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.