Suvdan foydalanuvchilar:
o'ziga berilgan suv resurslarini oqilona boshqarishi va ulardan foydalanishi, suvdan maqsadsiz foydalanilishiga yo'l qo'ymasligi, suvni tejab sarflash, uning sifatini tiklash va yaxshilash choralarini ko'rishi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish qoidalariga rioya etishi;
suv ob'yektlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanishi;
suvdan maxsus foydalanishda suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishi;
suvdan foydalanish to'g'risida shartnoma tuzishi, suv olish uchun o'z vaqtida talabnoma berishi;
tarkibida ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo'lgan suvlarning suv ob'yektlariga oqizilishini to'liq to'xtatish choralarini ko'rishi;
boshqa suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv xo'jaligi ob'yektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, o'simlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yo'l qo'ymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, o'ziga tegishli suv xo'jaligi ob'yektlari va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
oqova suvlar suv ob'yektlariga va joy relyefiga oqiziladigan joylarni avtomatik ravishda monitoring qilish vositalari bilan jihozlashi;
olinadigan suv miqdorining hamda suv ob'yektlariga va joy relyefiga oqiziladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda zarur axborotni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlarga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga taqdim etishi;
suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning xizmatlari va shartnoma asosida ko'rsatilgan boshqa suv xo'jaligi xizmatlari uchun to'lovlarni, shuningdek suv ob'yektlariga hamda joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni oqizganlik uchun kompensatsiya to'lovlarini o'z vaqtida to'lashi;
suvni tejash va raqamli texnologiyalarni joriy etish choralarini ko'rishi;
suvlarning ifloslanishi, bulg'anishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv ob'yektlariga suvlarning zararli ta'sirini bartaraf etish choralarini ko'rishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari to'planadigan maydonlarning ifloslanishiga yo'l qo'ymasligi;
suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sohil bo'yi mintaqalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini saqlashning belgilangan rejimiga rioya qilishi;
o'zining suv xo'jaligi ob'yektlariga suvlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborotni taqdim etishi;
suvlarning va suv ob'yektlarining holatiga ta'sir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi to'g'risida o'ziga xizmat ko'rsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini o'z vaqtida xabardor qilishi hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha ishlarni amalga oshirishda, shuningdek suv ob'yektlaridagi ta'mirlash-tiklash ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishi;
baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart.
Suvdan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
O'z balansida vertikal sug'orish qudug'iga ega bo'lgan suvdan foydalanuvchi tashkilotlar va jismoniy shaxslar mazkur sug'orish qudug'iga bevosita tutash bo'lgan yer uchastkasi uchun suv xo'jaligi xizmatlari to'lovidan ozod etiladi.
lex.uz’dagi asl matn75-modda. Suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.